O‘zbekiston energetika tizimida birinchi bo‘lib “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlarda “Yashil energiya” sertifikatlari joriy etildi. Endilikda “yashil” sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 iyuldan boshlab “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “Yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi.

(Joriy hisob-kitoblarga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida 53 ta GES mavjud bo‘lib, umumiy gidroenergetik quvvati 2 225 MVt.ga teng. GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqqan holda jamiyat tomonidan yiliga 7 mln. dona “Yashil energiya” sertifikatlari birjaga savdoga chiqarilishi hamda talabgorlarga taqdim qilish imkoniyati mavjud. Bir dona “Yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi).

2030 yilga kelib iqtisodiyotimizda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.

Energetika sohasining ajralmas “yashil bo‘g‘ini” hisoblangan gidroenergetika sohasida mazkur yo‘nalishda qator amaliy ishlar izchil tatbiq etilmoqda.

“Yashil energiya” sertifikati (qayta tiklanadigan energiya sertifikatlari deb ham ataladi) quyosh, shamol, gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ma’lum miqdorda energiya ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjatdir. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti (I-REC) bilan kelishuvga erishdi hamda ushbu tizimni tartibga soluvchi mas’ul organ (emitent) sifatida ushbu tashkilot akkreditatsiyasidan o‘tgan.

O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan birja savdolarida “Yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilingan bo‘lib, spot.uzex.uz sayti orqali “Yashil energiya” sertifikatlarini sotuvga qo‘yib boradi. Iste’molchi tomonidan “Yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda shartnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, ya’ni emitentga gidroelektr stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga mos bo‘lgan hajmda sertifikat chiqarish bo‘yicha talabnoma yuboradi va shu asosida Emitent jamiyat nomiga “Yashil energiya” sertifikatlarining yagona elektron platformasida sertifikatlar chiqarib beradi. Oxirgi bosqichda jamiyat tomonidan sertifikatlar iste’molchi nomiga hisobdan chiqariladi.

Ta’kidlash joizki, I-REC sertifikatlari (“yashil energiya” sertifikatlari)ni sotish mamlakatga ekologik mas’uliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda tabiiy ravishda O‘zbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi.

 O‘zA