“Telegram” messenjerining “ANTIKORRUPSIYA” kanalida joriy yilning 1-iyun kuni Ellikqal’a tumanida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 2019 yilda ajratilgan kredit mablag‘lari talon-taroj qilinib, qurilish ishlari bugungi kungacha yakunlanmaganligi haqida post e’lon qilindi.

Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

2023 yil mart oyida Departamentning Ellikqal’a tumani bo‘limi tomonidan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida ajratilgan kreditlarning qonuniyligini o‘rganish maqsadida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. 2019 yilda AT Xalq banki Ellikqal’a filiali tomonidan “Tuproqqal’a tur” MCHJga yuqoridagi davlat dasturi doirasida “Ekoturizm maskani” tashkil qilish maqsadida 1 milliard 850 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan. Ushbu kredit “Ekoturizm maskani” ni qurish uchun haqiqatda ishlatilganligi nazoratdan o‘tkazilganda, ajratilgan kredit mablag‘lari to‘liq ushbu ob’ektning qurilishi uchun sarflanganligi aniqlangan. Shu bilan birga, tadbirkor shaxsiy mablag‘i hisobidan qo‘shimcha 5,5 milliard so‘mlik qurilish ishlarini bajargan. Bugungi kunda ushbu ob’ektning qurilishi uchun jami 7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.

Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, imtiyozli kreditning maqsadsiz ishlatilganligi holati aniqlanmaganligi bois, 2023 yil 18 iyulda Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ushbu qarorning qonuniyligi o‘rganilganida, bekor qilish uchun asoslar aniqlanmadi.

Biroq, tadbirkor barcha mablag‘larini yuqoridagi qurilish ob’ektiga sarflab, ajratilgan kreditni o‘z vaqtida qaytarmaganligi sababli, AT Xalq banki Ellikqal’a filiali tomonidan Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritgan. Sudning 2022 yil 17 iyundagi qaroriga ko‘ra, qarzdor “Tuproqqal’a tur” MCHJdan bank foydasiga 1 milliard 907 million so‘m undirish belgilangan. Hozirda Majburiy ijro byurosi Ellikqal’a tuman bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borilmoqda.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri