“Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi” mavzusida Xalqaro ayollar forumi boshlandi.

Forumda xalqaro hamjamiyatda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning barcha yo‘nalishlarda huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada xalqaro tajriba almashish, shu jumladan  xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi muhokama qilinmoqda.

Forum xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash sohasida erishilgan yutuqlar va tashabbuslarni o‘rganish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida davlatlarning ilg‘or tajribasi, amaliyoti va innovatsion yondashuvlari bilan tanishish hamda keng foydalanish, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi maqsadlarni ko‘zlab tashkil etilmoqda.

Forum 4 ta plenar sessiyalarga bo‘lingan holda davom etmoqda. Xalqaro va milliy ekspertlar xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini hamda gender tengligini ta’minlash, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki, shuningdek innovatsiya, ta’lim olishdagi imkoniyatlarini kengaytirish kabi mavzular muhokama etilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, forumda oilalarning ijtimoiy muammolarini o‘rganish va ularni hal etish, xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlari hamda tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.

Forum doirasida “Yangi O‘zbekiston–Ayollari qadrlangan yurt” shiori ostida “Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” mavzularida milliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida intervyular tashkil etiladi.

Shuningdek, xalqaro e’tirofga ega bo‘lgan o‘zbek brendlarining modalar namoyishi, xalqaro va milliy tadbirkorlar, ekspertlar ishtirokida biznes-forum o‘tkaziladi.

Biznes forumda chet eldan xalqaro ayollar ishlab chiqarish va savdo federatsiyasi rahbarlari, Zargarlik va moda brendlari konsultantlari, Yevroosiyo dizaynerlar assotsiatsiyasi Prezidenti kabi biznesda katta yutuqlarga erishgan spikerlar o‘z tajribalarini forum ishtirokchilariga ulashadi.

Shu bilan bir qatorda xalqaro va milliy tadbirkorlarning B2B formatdagi uchrashuvlari, loyihalar muhokamalari tashkil etiladi.

 

Nazokat Usmonova,  

Alimurod Mamadaminov (surat)  

O‘zA