Poytaxtimizda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikalari Energetika vazirlarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi o‘tkazildi.

Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda ushbu davlatlar rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari tobora rivojlanib, bu esa ko‘p qirrali hamkorliklarning yanada mustahkamlanayotganiga muhim asos bo‘layotgani qayd etildi.

Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida barcha sohalar qatori energetika sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilayotgani, gidroenergetikadagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, “Qambarota GES-1” qurilishini jadallashtirishga kelishilgani xususida so‘z bordi.

Uchrashuvda ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish, yangi elektr uzatish liniyalarini qurish hamda suv resurslaridan unumli foydalanish bilan bog‘liq tashkiliy va huquqiy masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Joriy yilda suv resurslaridan samarali foydalanish, kuz-qish davrida energiya tizimidagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Qirg‘iz Respublikasi Energetika vaziri T.Ibrayev va Qozog‘iston Respublikasi Energetika vaziri A.Satkaliyev tomonidan tegishli protokollar imzolandi.

 

N.Ziyodullayeva tayyorladi.  

O‘zA