Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida vasiylikka olingan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur muassasalarda istiqomat qilayotgan bolalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy hamda maishiy xizmatlar ko‘rsatishning yangilangan tizimini joriy etish orqali ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kuchaytirishda Prezidentimizning 2022 yil 30 avgustdagi “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati faoliyatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qaror bo‘yicha biriktirilgan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning infratuzilmasini yaxshilash, tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoit yaratish, ularni ijtimoiy moslashtirish va o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib, kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha zarur sharoitlarni yaratish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy “Muruvvat” nogironlar uchun erkaklar internat uyida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan insonlarni hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur muassasada O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, ruhiyatida sezilarli yoki ancha sezilarli nuqsonlar bor bo‘lgan, o‘zgalar yordamiga muhtoj 18 yoshdan yuqori bo‘lgan 264 nafar 1 va 2 guruh nogironlari bo‘lgan shaxs istiqomat qiladi. Ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, o‘tgan yillar mobaynida internat uyida homiylar yordami bilan mukammal ta’mirlash ishlari olib borilib, bugungi kunda zamon talablariga mos keladigan 225 ta o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona, oshxona, omborxona, hammom, kir yuvish xonasi qayta ta’mirlandi. Shuningdek, 2 qavatdan iborat maxsus 50 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona, tibbiy bo‘lim, sport maydonchasi, ma’muriyat binolari barpo etildi.
Internat uyida mehnat terapiyasi bo‘yicha yordamchi xo‘jalik va 2 gektar yer maydoniga bog‘chilik tashkil qilindi. Shuningdek, 2 gektar yer maydoniga bir yillik poliz ekinlari ekilib kelinmoqda. Homiylarning yordami bilan issiqxona barpo etildi. Muassasada istiqomat qiluvchilarning bo‘sh vaqtlarida qo‘l mehnati va sport bilan zamonaviy inventarlarda shug‘ullanish yo‘lga qo‘yilgan.
Yurtimizdagi tinchlik va obodlik, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda milliy bayram va qadriyatlarimizning o‘rni tobora ortib bormoqda. Mana shunday bayram kunlarida ko‘mak va yordamga muhtojlar, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida vasiylikka olingan shaxslarning holidan xabar olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash har birimizning insoniylik burchimiz hisoblanadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA