Xalqimiz muhim siyosiy jarayon – muddatidan ilgari Prezidentlik saylovi arafasida turibdi. Har qanday demokratik davlat saylov adolatli va shaffof o‘tishiga alohida e’tibor qaratadi. Zero, ayni jarayonda fuqarolar faolligiga qarab davlatning xalqaro imiji shakllanadi.
Bugun saylovchi o‘z huquqini amalga oshirishi uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoit yaratilgan. Shu o‘rinda saylov qonunchiligiga muvofiq, xorijdagi vatandoshlarimizga ham ovoz berishda qatnashish uchun keng imkoniyat yaratilayotganini ta’kidlash lozim.
O‘zA muxbiri xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning ushbu jarayonda ishtirok etish tartibi xususida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti Ma’muriy-huquqiy, jinoiy huquqiy fanlar bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Ahror Xudoyberdiyev fikrlarini yozib oldi.
– Ayni kunlarda chet davlatlardagi vakolatxona va konsulxonalarimiz tomonidan hamyurtlarimizning saylovga oid huquqini to‘la ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 10-moddasiga asosan, chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalar huzurida, sanatoriy, dam olish uyi, kasalxona va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish maskanlarida saylov uchastkasi tuzilishi mumkin.
561-moddada chet davlatdagi saylovchining turgan joyida ovoz berishi bo‘yicha tartib-qoida mustahkamlab qo‘yilgan. Ya’ni, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati idoralari bilan kelishuvga muvofiq, chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarida muddatidan oldin ovoz berish saylovchi turgan joyda o‘tkazilishi mumkin.
Bu jarayonda asosiy masala xorijdagi fuqarolarimizni saylovchilar ro‘yxatiga kiritishdir. Saylov kodeksi 271-moddasida O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkasiga tegishli saylovchilar ro‘yxati mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumot asosida tuzilishi belgilangan.
Xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar, ularning murojaatiga asosan, xorijiy saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Ayni murojaatda fuqaro ayrim ma’lumotlarni ko‘rsatishi shart.
Qonunchiligimizga ko‘ra, chet davlatdagi fuqaro saylovdan kamida 15 kun oldin saylovchilar ro‘yxatiga kiritishni so‘rab, O‘zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasiga yozma ariza berishi kerak. Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Tashqi ishlar vazirligining saylov.mfa.uz sayti orqali elektron murojaat qilish imkoni ham yaratilgan.
Saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatga ilova tariqasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti (nobiometrik, biometrik, xorijga chiqish va diplomatik), fotosurati bo‘lgan va manzili (agar, mavjud bo‘lsa) ko‘rsatilgan varaqlar nusxasi taqdim qilinadi. Shundan so‘ng diplomatik va boshqa vakolatxonalar huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi fuqaro haqidagi murojaatda ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotni uch kun ichida tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish masalasini hal etadi.
Yurtimizning xorijdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.
Chet davlatda turgan yurtdoshlarimizga saylovchilar ro‘yxatidagi o‘ziga tegishli ma’lumot bilan tanishish imkoniyati TIV, diplomatik va boshqa vakolatxonalarimiz rasmiy veb-saytlari orqali ham ta’minlanadi.
Bugungi kunda davlatimiz dunyoning 131 davlati bilan diplomatik munosabat o‘rnatib, 38 davlatda 37 elchixona, 17 shaharda bosh konsulxona faoliyat ko‘rsatmoqda. MSK tomonidan mazkur muassasalar huzurida 56 saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan, mazkur uchastkalar 14-Toshkent shahri saylov okrugiga biriktirilgan.
Xorijda tashkil etilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bu haqda saylovchi va kuzatuvchilar ommaviy axborot vositasi orqali xabardor etiladi.
Saylovchi turgan joyida ovoz berishida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida jarayon diplomatik va boshqa vakolatxonalar huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida kechadi.
Saylov kodeksining 51-moddasiga muvofiq, ovoz berish saylov kuni muayyan uchastka joylashgan manzildagi mahalliy vaqt bilan soat 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.
Xorijiy davlatlardagi saylov kuni ovoz berishda ishtirok eta olmasligi ehtimoli mavjud fuqarolarimiz muddatidan oldin ovoz berishi mumkin. Bu jarayon o‘n kun oldin boshlanadi va saylovga uch kun qolganda tugallanadi.
MSKning 2019 yil 22 oktyabrdagi 966-sonli qarori bilan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 35-bandiga ko‘ra, xorijdagi uchastka saylov komissiyasi saylovchi soni ko‘pligini inobatga olgan holda va saylov kuni ovoz berish binosida navbatning oldini olish maqsadida fuqarolarga muddatidan oldin ovoz berishni taklif qilishi mumkin.
Mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi ro‘yxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib bo‘lgan holda ovoz berish tugaganini istalgan vaqtda e’lon qilishi mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, xorijiy mamlakatdagi vatandoshlarimiz saylov huquqini amalga oshirishi uchun har tomonlama sharoit va imkoniyat yaratilib, jarayon saylov qonunchiligi talabi asosida olib borilmoqda.
O‘zA muxbiri
Behruz Xudoyberdiyev
yozib oldi.