3-7 iyul kunlari poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi hamda “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” xalqaro konferensiyalari bo‘lib o‘tadi.

Jahon hamjamiyati diqqat-e’tiborini tortgan mazkur nufuzli anjumanda dunyoning barcha qit’alaridan, 60 dan ziyod mamlakatdan 500 ga yaqin davlat arbobi, siyosatchilar, yirik biznes vakillari va ekspertlar, qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.

Haftalikdan ko‘zlangan maqsad – xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, erishilgan yutuqlar, navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy makon va muhit, davlat tashqi hamda ichki siyosati ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashish.

Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi Lord Uorton, mashhur teleboshlovchi – Ali Aslan, xalqaro munosabatlar sohasida katta tajribaga ega ser Devid Richmond, xalqaro siyosiy ekspert va strateg Jorj Ayjan, xalqaro jurnalist Stiven Koul kabi taniqli moderatorlar jalb etilgan anjuman doirasida tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbati, amaliy muloqot tashkil etilmoqda.

“CNN” telekanali haftalikning media hamkori hisoblanadi. Tadbirlar “Euronews” va boshqa nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali ham keng yoritiladi.

Dasturga muvofiq, dastlab“O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” madaniy tadbirlar haftaligi doirasida Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Temuriylar davri durdonalari”, shuningdek “Amaliy san’at durdonalari” hamda “Turkiston avangardi: makon va zamon nigohida” ko‘rgazmalari ochiladi, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlar seriyasining 50 jildi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga topshiriladi.

O‘zbekiston madaniy merosining turizm rivojlanishidagi o‘rni mavzusida muhokama, davra suhbati o‘tkaziladi, “O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar va syujetlar” ko‘rgazmasi namoyishga qo‘yiladi.

Bundan tashqari Yangi O‘zbekistondagi tub ijobiy o‘zgarishlarni aks ettirishga qaratilgan, turli soha va          yo‘nalishlar, mavzularni qamrab olgan, yangilangan Konstitutsiyamiz, mamlakatimizda yaratilayotgan qulay biznes muhiti, sog‘lom va bilimli jamiyat qurish g‘oyasi, barqaror kelajakni barpo etishga xizmat qiladigan sifatli ta’lim va innovatsiya, madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib etish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish singari qiziqarli, muhim va dolzarb muammolar tahliliga bag‘ishlangan sessiyalar ishtirokchilarda jiddiy qiziqish uyg‘otishi kutilyapti.

Haftalik yakuni bo‘yicha xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqani yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni hayotga samarali tatbiq etishga qaratilgan bitim, kelishuvlar imzolanishi kutilyapti.

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.

O‘zA