Munosabat

Keyingi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

30 aprel kuni umumxalq referendumi orqali qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi alohida norma sifatida belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, Bosh qomusimizda davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘rishi belgilangan.

O‘tgan qisqa vaqt davomida ushbu Konstitutsiyaviy normani hayotimizga to‘laqonli tatbiq etishga qartilgan amaliy chora-tadbirlar boshlab yuborildi. Xususan, Prezidentning 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan davlat tomonidan aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Jumladan, kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash hamda ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qartiladi.

Aholiga individual yondashuv asosida ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishda hech shubhasiz aytish mumkinki, so‘nggi yillarda yaratilgan “ayollar”, “yoshlar”, “temir daftar” kabi daftarlarning o‘rni beqiyos. O‘z navbatida, mahallalarda tashkil etilgan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari faoliyati esa, ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish imkonini bermoqda.

Shu bilan birga, Farmonda aholini ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olishni kengaytirish, xavf guruhlariga tushib qolgan oilalarni aniqlash va kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish orqali ular og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratishga ham alohida e’tibor qartilgan.

Shuningdek, endilikda aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini muvofiqlashtirib borish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari va 1 iyuldan boshlab tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etiladi.

Ushbu markazlar har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy holati va ehtiyojlarini o‘rganish natijasida ijtimoiy pasportlarini shakllantirish ishlarini amalga oshiradi.

Shuningdek, ehtiyojmand aholi bilan, shu jumladan, keys-menejment usulini qo‘llagan holda samarali ish tashkil qilish, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilish, zaruratga qarab buyurtmalarni mas’ul vazirlik va idoralarga yuborish, og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish, ular uchun ijtimoiy xizmat va yordamlarni tashkil etish ham markazning asosiy vazifalaridan biri sanaladi.

Xulosa qilib aytganda, aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji yuqori bo‘lgan qatlamini manzilli aniqlash borasida yuqoridagi kabi tizimning joriy etilishi, fuqarolarimizga zararuriy yordam va ko‘makni o‘z vaqtida qo‘rsatish orqali ortiqcha davlat byudjeti sarflanishining oldi olinishiga hamda bu orqali ko‘proq aholiga manzilli yordam ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Muzafara ABDIEVA,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.  

O‘zA