Butunjahon boks assotsiatsiyasining (WBA) e’lon qilingan yangilangan reytingida professional bokschilarimizdan faqat Shahram G‘iyosov ko‘tarilishga erishdi.

Joriy yilning iyun oyi yakunlariga ko‘ra, yarim o‘rta vaznda chempionlik sari dadil odim tashlayotgan G‘iyosov 5-pog‘onadan 2-o‘ringa chiqib oldi.

Professional boksning ushbu yo‘nalishida jang o‘tkazib kelayotgan Hasanboy Do‘smatov, Murodjon Ahmadaliyev o‘z vaznlarida 2-qatorda joylashgan bo‘lsa, Botir Ahmedov to‘rtinchi, Bektemir Meliqo‘ziyev oltinchi pog‘onalarda ko‘rinish berishgan.

Iste’dodli bokschilarimiz Otabek Xolmatov va Isroil Madrimov esa chempionlik kamari uchun jang qilish ostonasida turishibdi. Har ikki charm qo‘lqop ustasi o‘z vazn toifalarida 1-o‘rinni egallab turishibdi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA