1 iyuldan boshlab Qozog‘istonda to‘rt kunlik ish haftasi joriy etildi. Bu haqda respublika Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, besh kunlik va to‘rt kunlik ish haftasi ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga binoan almashib turadi.

– 1 iyuldan boshlab joriy qilingan ish tartibi tomonlar kelishuviga ko‘ra amal qiladi, – deya o‘zgarishga izoh berdi vazirlik vakili Shalkar Orazbekov. – Agar ishlab chiqarish jarayoni imkon bersa, har qanday kompaniya ushbu tartibni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu qoidani majburiy qilib qo‘ya olmaymiz.

Qo‘shimcha qilinishicha, Mehnat kodeksi tomonlar manfaati mutanosibligini ta’minlaydi. Davlat minimal kafolatni beradi. Qolgani jamoaviy mehnat munosabati doirasida hal etiladi.

To‘rt kunlik rejim mehnat ta’tiliga, ish stajiga ta’sir qilmaydi, deya taxmin qilinmoqda.

Yakshanba dam olish kuni. Ikkinchi yoki uchinchi dam olish kuni jamoa shartnomasi yoxud mehnat qoidalari bilan tartibga solinadi.

O‘zA