Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston – Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar va vaqt sinovidan o‘tgan strategik sheriklar ekanini ta’kidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar jadal rivojlanmoqda.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan uning 2022 yil 21 dekabr kuni mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida imzolangani bilan alohida ahamiyatga ega.

Shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari  o‘rtasidagi Davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizig‘i uzunligi 2 ming 356  kilometrdan ortiqdir.

Shartnoma bilan O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.

Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA