O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali “Oliy ta’lim muassasalariga bu yilgi o‘qishga qabul qilish tartibi” mavzusida ovozli chat bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bosh mutaxassisi Zafar Amirqulovning ta’kidlashicha, yurtimizda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj hisobga olinib, 2023-2024 yilda davlat oliy ta’lim muassasalariga bakalavriat hamda magistratura bo‘yicha jami 206 ming 857 ta kvota ajratilgan. Shundan grant o‘rinlar 43 ming 783 ta, kontrakt o‘rinlar esa 163 ming 74 tani tashkil qiladi.
Bakalavriat uchun bu yil jami 189 ming 727 ta, shundan davlat granti 34 ming 860 ta, kontrakt asosida esa 154 ming 867 ta etib belgilandi. Bu yil abituriyentlarimiz bakalavriatning barcha ta’lim shakllarida hujjat topshirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida ham qabul kvotalari tasdiqlandi.
– Magistraturaga tilni bilish sertifikati bilan hujjat topshirish mumkinmi?
– Bu imkoniyat istisno tariqasida faqat yanvar oyidagi qabul uchun belgilangan edi. 2023-2024 yildan boshlab, yozgi qabulimizda amaldagi tartibga ko‘ra filologiya yo‘nalishlariga S1 daraja yoki nofilologiya yo‘nalishlarga B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat talab qilinadi.
N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), O‘zA