Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining sudlarga murojaat qilishi chog‘ida davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi kutilmoqda.

Bu Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda nazarda tutilgan.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 8, 9 va 10-moddalarida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari – o‘z zimmasiga yuklatilgan vakolatlariga muvofiq sudlar ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.

Biroq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan birinchi instansiya sudlarining hal qiluv qarorlariga nisbatan beriladigan shikoyatlari amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmagan degan vajlar bilan yuqori instansiya sudlari tomonidan qaytarilishi holatlari yuzaga kelmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, iqtisodiy sudlar va ma’muriy sudlarga da’vo ariza, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilinganda davlat bojidan ozod etiladi.

Senatorlar ma’qullagan qonun kelgusida davlat organlariga sudlarga murojaat qilish uchun ajratilgan davlat boji to‘lovidan tejalgan mablag‘larni tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining va iste’molchilarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlash uchun yo‘naltirishga xizmat qiladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA