O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Abdushukur Hamzayev Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida saylovchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy Kengashlarning deputatlari, partiya faollari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ishonchli vakil Leyli Seytova ishtirokchilarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. So‘ngra, nomzod Abdushukur Hamzayev o‘zining “Yashil taraqqiyot uchun!” shiori ostidagi saylovoldi dasturidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, saylovoldi dasturida asosan ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali aholimizning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalar qamrab olingan.
Jumladan, dasturda ekologik barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan “yashil” siyosatni hayotga tatbiq etish, aholining qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan “Yashil energetika strategiyasi”ni ishlab chiqish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim taklif hamda tashabbuslar o‘rin olgan.
Nomzodning saylovoldi dasturida Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Mo‘ynoq kabi aholi yashash punktlari atrofida “yashil belbog‘lar” barpo etish ishlarini jadallashtirish ko‘zda tutilgan. Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli hududlar (Ramsar konvensiyasi) ro‘yxatiga kiritilgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, “Dengizko‘l”, “Quyimozor”, “To‘dako‘l”, “Sudoche-Akpetki” suv omborlari ekotizimlarini muhofaza qilish, hududlarda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatish maqsadida zamonaviy ilmiy stansiyalar tashkil etish kabi muhim tashabbuslar ilgari surilgan.
Qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini isloh qilish borasida ekologik qonunchilikni kodifikatsiya qilish orqali Ekologiya, Suv va O‘rmon kodekslarini qabul qilish, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonunni hamda “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to‘g‘risida”gi dasturni qabul qilish, barcha tizimdagi davlat idoralari faoliyatida, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni kengaytirish choralarini kuchaytirish, ma’muriy organlar tomonidan jarima qo‘llashni qisqartirib, sudlarga kengroq vakolat berish borasidagi takliflar alohida e’tirof etildi.
Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Abdushukur Hamzayev nomzodini qo‘llab-quvvatlashni ta’kidladi.
–Nomzod o‘zining saylovoldi dasturidagi bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri – mamlakatimizning ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga alohida to‘xtaldi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Nukus shahar Kengashi raisi Aruxan Ismaylova, – Jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etishga doir strategiya va dasturlarni amalga oshirish uchun davlat organlari, tadbirkorlik sub’ektlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari jalb etilishi qayd etildi.
Tadbir yakunida Prezidentlikka nomzod uchrashuv ishtirokchilarining savollariga javob berdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA