Tibbiyot yutuqlari

Tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, travmatolog-ortoped Kamolxo‘ja Eshnazarov Koreyaning Tedjon tibbiyot texnologiyalari instituti professori ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligida o‘tgan navbatdagi Hay’at yig‘ilishida tibbiyot sohasidagi ilmiy va amaliy yutuqlar, O‘zbekiston – Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim sohasini yanada rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun mutaxassisga professorlik sertifikati tantanali topshirildi.

Tedjon tibbiyot texnologiyalari instituti prezidenti janob Byung-Ki Lining sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovga yo‘llagan rasmiy maktubida K.Eshnazarovning Koreya Respublikasi Yonsey, Chonnam kabi nufuzli xalqaro universitetlarda ta’lim olgani hamda koreyalik professor va olimlar bilan hamkorlikda Amerika, Yevropa va Osiyoning qator yirik nashrlarida yigirmadan ortiq ilmiy maqola chop etgani, xalqaro ilmiy konferensiya va forumlarda doimiy ishtirok etib kelishi ta’kidlangan.

Koreya Respublikasining Tedjon tibbiyot texnologiyalari instituti tibbiy texnologiyalarni rivojlantirish, amaliyotga joriy etish hamda sohaga malakali kadrlar yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan nufuzli oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

O‘zA