Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay...

Ajdodlarimiz sham yorug‘ida asarlar bitib, ilmiy kashfiyotlar qilishgan, biz esa bugungi davrda buyuk mutafakkirlarimizday ijod qilish u yoqda tursin, hatto ularning bebaho asarlarini o‘rganish, tadqiq qilishga ham ulgurmayapmiz

«Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay». Bundan 12 asr oldin muhaddislar sultoni, dunyo imomi – Imom Buxoriy bobomiz aytgan ushbu so‘z tom ma’noda zamonaviy dunyoning shioriga aylandi. Zamonlar o‘tishi bilan bu iboraning dolzarbligi ortsa ortdiki, aslo kamaygani yo‘q. Oltinga teng bu aytim aynan bugun uchun, barcha davrlar uchun so‘zlangandek, go‘yo.

Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr insonga moddiy ehtiyojlarini qondirishdek birlamchi ehtiyojlar qatoriga suv va havodek zarur — ilmni ham qo‘shdiki, shu tufayli u o‘zligini anglab, taraqqiyot sari dadil qadam qo‘ymoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, ummonlar qa’riga sho‘ng‘ish, koinotni zabt etish ham aynan ilmning mahsuli ekanini bugun hech kim inkor eta olmaydi.

Istiqlol tufayli yurtimizda insoniyatni bag‘rikenglik, poklik va mehr-oqibatga chorlovchi muqaddas dinimizni asrab-avaylashga, yosh avlodni xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotir. Diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, puxta bilimga ega, sog‘lom fikrli mutaxassislarni tayyorlash doimiy e’tiborda.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni diniy tizimda yangi davrni boshlab berdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, tadqiq etish, islom dinining asl mohiyatini, musaffo aqidalarini keng xalq ommasiga yetkazish maqsadida davlatimiz tomonidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganiga mazkur farmon amaliy tasdiq bo‘la oladi.

Poytaxtimizda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari buyuk allomalarimizning merosini chuqur tadqiq etish va ularni jahonga tanitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yurtboshimizning farmoniga asosan O‘zbekiston islom akademiyasi va Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi.

Endilikda xalqaro islom akademiyasida Qur’on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va hokazo), boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanishi zamirida juda ulkan g‘oya mujassam.

O‘rta asrlarni Sharq Renessansi davri sifatida tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitilishida buyuk ajdodlarimizning munosib hissasi bor. Ular qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin, ilg‘or sanalishgan. Hadis ilmida Imom Buxoriyning oldiga tushadigani bo‘lmagan. Fihqda Burhoniddin Marg‘inoniy, kalom ilmida Abu Mansur Moturidiy, tafsirda Imom Zamaxshariyga teng keladigan alloma topilmagan. So‘z mulkida Alisher Navoiy, tibbiyotda Ibn Sino, falakiyotda Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek… Ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Ajdodlarimiz sham yorug‘ida shunday asarlar bitib, ilmiy kashfiyotlar qilib ketdiki, bugungi axborot texnologiyalari davrida buyuk mutafakkirlarimizday ijod qilish u yoqda tursin, hatto ularning bebaho asarlarini o‘rganish, tadqiq qilishga ham ulgurmayapmiz.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ana shu ishlarning uddasidan chiqishiga ishonamiz.

Islom dini inson manfaatlari va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi har qanday kashfiyot va yangilikni yuksak qadrlaydi, qo‘llab-quvvatlaydi. Buni muqaddas oyatlar va muborak hadislar ham tasdiqlaydi.

Qur’oni karim hamda hadisi sharifda ilmga targ‘ib qilingan, ilmsizlik qoralangan. Ilk nozil bo‘lgan oyatda ham «o‘qi!», «o‘qi!» deb buyuriladi. «Ilm» so‘zi Qur’oni karimda 811 o‘rinda turli ma’nolarda keladi.

Muqaddas kitobda: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja(martaba)larga ko‘tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat), deyilgan.

Ibn Hajar Asqaloniy ushbu oyatni: «Albatta, darajalarni ko‘tarish ulug‘ fazlu marhamatga dalolat qiladi va dunyoda oliy martaba, shon-shuhrat kabi ma’naviy yuksaklikni hamda jannatdagi oliy martaba kabi hissiy yuksaklikni qamrab oladi», deya tafsir qilgan.

Rasululloh (s.a.v.) ko‘plab hadislarda ilm egallashga, olimlarni e’zozlashga chorlaganlar. Jumladan: «Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir», deb marhamat qilganlar.

Yovuzlik ustidan ezgulik, razolat ustidan adolat, yomonlik ustidan yaxshilik g‘alaba qozongani singari ilm ham hamisha jaholatdan ustun kelgan. Islom ilmsizlik va johillikni qoralaydi. Jaholat hayotimizni barbod, turmushimizni kasod qiladi. Ma’rifat esa qalbga sayqal berib, ma’naviyatimizni go‘zallashtiradi, shon-shuhrat keltiradi.

Buyuk bobolarimiz aynan ma’rifat tufayli jahon ilm-fani ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shishdi. Ular yaratib qoldirgan boy ma’naviy meros hali-hanuz dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida muhim manba sifatida o‘qiladi, tadqiq etiladi. Misol uchun, hozir Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” tibbiyot sohasida Yevropa mamlakatlarida juda katta qiziqish bilan o‘rganilayotgan bo‘lsa, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asari islom qonunshunosligiga oid muhim manba sifatida islom olamida juda katta shuhrat qozongan.

Afsuski, bugun muqaddas dinimizni niqob qilib olib, o‘zlarining kirdikorlarini yoshlarimiz ongiga singdirishga urinayotgan g‘alamislar ham uchrab turibdi. Agar ular islomning musaffoligini, ilmning lazzatini his etganlarida bu yo‘lga aslo qadam bosmas edilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega bo‘lgan Malaka oshirish markazi tashkil etilishi katta qulayliklar tug‘rdiradi. Jumladan, malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida imom-xatiblar, imom noiblari, diniy soha mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, oliy va o‘rta ta’lim muassasalarining sohaga tegishli pedagog kadrlari qayta tayyorgarlikdan o‘tadi va malaka oshiradi.

Yurtimizda diniy ta’lim o‘zining ko‘p asrli tarixiga ega. Mintaqamizda ilk o‘rta asrlardayoq ham diniy, ham dunyoviy fanlar o‘qitiladigan ko‘p tarmoqli madrasalar tizimi mavjud bo‘lgan. Madrasalar mintaqada jadid maktablari paydo bo‘lgunga qadar o‘rta-maxsus va oliy ma’lumot beruvchi maskanlar sanalgan.

Ilm-fan ravnaqiga benazir hissa qo‘shgan Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino va Ulug‘bek singari buyuk allomalarning nomini butun olam biladi. Islom olami Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy kabi ulamolarning asarlarini hanuz katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Zamondosh musulmon ulamolarning e’tiroficha, ular islom ta’limotini ilm-fan darajasiga ko‘targanlar.

Davlatimiz rahbarining farmonida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining oliy diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabi tashkil etilayotgani barchani xursand qildi. Zero, islom olamid “Sihohi sitta” (Oltita ishonchli to‘plam), keyinchalik “Sihohi tis’a” (To‘qqizta ishonchi to‘plam)larning musanniflariga qarasak, ularning deyarli yarmi yurtdoshlarimiz ekani kishiga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

Farmonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilgani qayd qilingan. Endilikda diniy sohada xizmat qilayotgan xodimlarga ham ushbu farmonda belgilangan qator imtiyozlar beriladi.

Mazkur hujjatga binoan “Imom Buxoriy” davlat mukofoti ta’sis etilgani esa tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning mehnatini munosib rag‘batlantirishda muhim omildir.

Bugungi zamonning o‘zi voqelikka ochiq ko‘z bilan, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, hushyor bo‘lishni, jahonda va yon-atrofimizda tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboqlar chiqarib yashashni, bir so‘z bilan aytganda, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni talab etmoqda. Prezidentimizning “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ana shunday ish tutishning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Ibrohimjon Inomov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

 

O’zA