Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus paralimpiadasi” musobaqalarining o‘tkazilishi minglab matonat va iroda sohiblariga keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Bundan bir yil muqaddam boshlangan mazkur ommaviy sport tadbirlari qisqa fursatda 6 ming nafarga yaqin yoshlarni qamrab oldiki, bu, mahallalarda istiqomat qilayotgan shuncha xonadon ahlini sog‘lom turmush tarzi bilan oshno bo‘lishiga olib keldi.
Joriy yilning birinchi mavsumida start olgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalari uch bosqichda, ya’ni tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saralash bosqichi hamda respublika final bosqichi shaklida tashkil etildi.
Mazkur musobaqalarda ishtirok etish istagini bildirgan 34 mingdan ortiq mahallalardagi nogironligi bo‘lgan yoshlar ro‘yxatga olindi. Musobaqalar para yengil atletikaning yadro uloqtirish (nanizm past bo‘yliklar), qisqa 60-100 metr masofaga (orqa miya falaji va umurtqa pog‘onasi shikastlanganlar “DSP”) va uzoq 200-300 metr masofaga (qo‘l amputatsiyasi bo‘lganlar) yugurish, para stol tennisi, para shaxmat, para shashka, para kibersport turlari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.
Respublika final bosqichida 196 nafar sportchi-yoshlar, jumladan, para yengil atletikadan 6 nafar (3 erkak, 3 ayol), para stol tennisidan 2 nafar (bir erkak va bir ayol), para shaxmatdan 2 nafar (bir erkak va bir ayol), para shashkadan 2 nafar (bir erkak va bir ayol) va para kibersportdan 2 nafar (bir erkak va bir ayol) bir hudud jamoasidan esa 14 nafar (7 nafari xotin-qizlar) ishtirok etishi belgilangan edi.
“Besh tashabbus paralimpiadasi” musobaqasining final bosqich bellashuvlari kecha Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida har qachongidan ham qiziqarli va murosasiz kurashlarga boy tarzda tashkil etildi.
Mamlakatimizning turli hududlaridan poytaxtimizga kelgan irodali va matonatli yoshlar ommaviy sportga oshno tutingan holda o‘z yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida 6 ta oltin va 1 ta kumush, jami 7 ta medalni qo‘lga kiritgan Samarqand viloyati vakillari 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikdan esa Namangan viloyati (3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza) hamda Farg‘ona viloyati (2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza) jamoalari joy oldi.
Musobaqaning taqdirlash marosimida ishtirok etgan Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent shahar hokimligi mutasaddi rahbarlari hamda sportimiz faxriylari g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga, jamoalarga qimmatbaho sovg‘alar, medallar, diplom hamda maxsus kuboklarni topshirdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA