Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 24 aprel kuni Xorazm viloyatiga keldi.
Urganch xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Xorazmda ushbu tashrifga alohida tayyorgarlik ko‘rilgan. Viloyatning shahar va tuman ko‘chalari ikki mamlakat davlat bayroqlari, o‘zbek va turkman tillaridagi qutlov so‘zlari bilan bezatilgan. Ko‘chalarga chiqqan minglab yurtdoshlarimiz yuz-ko‘zidagi xursandchilik ikki do‘st davlatning barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari yanada rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Osmonga uchirilgan oppoq kabutarlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi yorqin kelajak ramzidir.
Tashrif doirasida Turkmaniston Prezidenti Urganch tumanidagi “O‘zbek-Turkman” do‘stlik uyi va uning hovlisiga o‘rnatilgan turkman xalqining ulug‘ shoiri Mahtumquli Firog‘iy byustining ochilish marosimida ishtirok etadi. Ushbu hududdagi “Ulli hovli”, Xiva shahridagi qadimiy “Ichan qal’a”, Nurillaboy kabi tarixiy qadmjolarni ziyorat qiladi.
Kunning ikkinchi yarmida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Xorazm viloyati musiqali drama teatrida O‘zbekiston-Turkmaniston san’at ustalarining konsert dasturida ishtirok etishi kutilmoqda.