O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev BMTTDning Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich boshchiligida delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Tomonlar hamkorlikning hozirgi holati va galdagi vazifalarga urg‘u berar ekan, unda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq hududlarini rivojlantirish va “Tashabbusli byudjet” loyihasi va uning odamlarni faollikka chorlashdagi ahamiyati, ijtimoiy himoya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
BMTTDning Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich qayd etganidek, O‘zbekiston ushbu tashkilotning muhim strategik hamkori hisoblanadi.
– Biz aynan mamlakatingiz bilan 30 yildan buyon ishlayotganimiz bejiz emas. O‘zbekistonga tashrif doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumaniga bordik. Orol dengizi talafotlarini bartaraf etish bo‘yicha bir mamlakatning o‘zi yechim topishi ancha mushkul masala. Xalqaro tashkilotlardan yordam jalb qilish chorasini kengaytirish zarur. O‘z o‘rnida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ijtimoiy himoya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari alohida o‘rin olgani bizni xursand qildi. Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ushbu yo‘nalishlardagi vazifalarning amaldagi ijrosiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Albatta, bu ishlar atrof-muhitni muhofaza qilishga oid hamkorligimizga hamohangdir, – dedi Ivana Jivkovich.
Shuningdek, tadbir kun tartibida istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari hamda BMTTD tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda hukumatga ko‘maklashish masalalari ham o‘rin oldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va muhokama chog‘ida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlar yuzasidan loyihalarni kengaytirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA