Har bir ota-ona o‘z farzandiga nisbatan g‘amxo‘rlik qilishi, ularning tarbiyasida ishtirok etishi, moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlashi lozim. Garchi ko‘pchilik otalar tomonidan ushbu majburiyat o‘z xohishi bilan bajarilsa, afsuski ayrimlari buni javobgarlikdan keyin anglab yetadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining qarori yuzasidan qarzdor J.R.dan S.Bazarbayeva foydasiga aliment undirish uchun MIBning Ellikqal’a tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdor J.R. bir necha bor ogohlantirilgan. Ammo shunga qaramay, u alimentni qasddan to‘lamay kelgan. Qarzdorlik esa 97 mln. so‘mdan oshib ketgan va doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan ketgani aniqlangan.

Shu bois J.Rozumovga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, qarzdor Toshkent viloyati, Chinoz tumanidan topilgan va shu kunning o‘zida onlayn sud tashkillashtirilgan.

Sud jarayonida qarzdor o‘z nomidagi uyini aliment qarzi evaziga farzandlari nomiga rasmiylashtirib berishi haqida qaror qabul qildi.

Yana bir holat: Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor P.Yu.dan undiruvchi Z.Islomova foydasiga uch nafar farzandining ta’minoti uchun qarzdorning oylik daromadining ½ qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati MIBning Xo‘jayli tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan harakatlar davomida aliment oyma-oy to‘langan.

Lekin, joriy yilning may oyida ota byuro bo‘limiga kelib, aliment evaziga o‘ziga tegishli 3 xonali uyni berish istagini bildirgan va davlat ijrochilari tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordamdan keyin aliment to‘lovchi ota uyini rasmiylashtirib berdi.

O‘zA