Poytaxtimizda bodibilding va fitnes bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Nufuzli musobaqada qit’amizning qator davlatlaridan yuzdan ortiq sportchi ishtirok etdi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, o‘sib kelayotgan yosh avlodning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar ko‘plab sport turlari, jumladan, bodibilding va fitnesning ommalashishida muhim omil bo‘lmoqda.
Bodibilding va fitnes – dunyoda ommalashayotgan jozibador sport turlaridan. Bodibilding – tana mushaklarini rivojlantirish, degan ma’noni anglatadi. Fitnes – akrobatika va gimnastika mashqlarini o‘zida mujassam etgan sog‘lomlashtiruvchi harakatlardir.
Mamlakatimizning barcha hududida zamonaviy qulayliklarga ega trenajyor zallari va fitnes markazlari faoliyat yuritmoqda. 2006-yil tashkil etilgan O‘zbekiston bodibilding va fitnes federatsiyasi ushbu sport turini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirishga faol hissa qo‘shmoqda. Natijada Mixail Volinkin, Aleksandr Saxarov, Armen Pashikyan kabi mahoratli sportchilarimiz bodibilding bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Chempionatda Anvarjon Zufarov, Doston Hasanov, Davronbek Tuyg‘unov, Yekaterina Valitova, Yelena Nurayeva, Svetlana Chernova turli yo‘nalish va vazn toifalarda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Osiyo chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritganimdan xursandman, – deydi Yelena Nurayeva. – Bu kabi ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishimiz mamlakatimizda biz sportchilarga har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratilgani tufaylidir.