Qozog‘istonda mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat Osiyo chempionatida hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov 7 ochko jamg‘argan holda g‘oliblikka erishdi.

Qit’aning 18 ta davlatidan 129 nafar shaxmatchi qatnashgan mazkur musobaqada 21 yoshli Shamsiddin Vohidov Hindiston, Eron, Qozog‘iston davlatlarining yetakchi shaxmatchilarini dog‘da qoldirdi. Vohidovdan keyingi o‘rinlarni egallagan 6 nafar shaxmatchi 6,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu turnirda ishtirok etgan yana bir shaxmatchimiz Muhiddin Madaminov 6 ochkoga ega bo‘lgan tarzda chempionatni 6-o‘rinda yakunladi.

Osiyo chempionatining ayollar o‘rtasidagi musobaqalarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Afro‘za Hamdamova 6 ochko qo‘lga kiritib, 6-o‘rindan joy oldi. Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda 7, 5 ochkoli bo‘lgan hindistonlik Divya Deshmukx g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA