Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi yakunlandi. Gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida o‘tgan musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi, Xalqaro gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda vakillarimizdan tashqari, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Vengriya, Rossiya, Isroil, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Sloveniya, AQSH, Chexiya, Estoniya hamda Ukrainadan kelgan gimnastikachilar sakkiz yo‘nalishda g‘oliblik uchun bahslashdi.
Mazkur musobaqalarda gimnastikachilar yakkalik va guruh bahslarida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Aksariyat gimnastikachi qizlarning mahorati muxlisu mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Gimnastikachi qizlarning chiqishlari, gilamdagi yengil, chaqqon va nozik harakatlari tomoshabinlarga zavq bag‘ishladi. Ushbu musobaqalar sport, ayniqsa, badiiy gimnastika nafaqat jismoniy, balki ma’naviy go‘zallikni shakllantirish, shaxsni tarbiyalashning muhim asoslaridan biri ekanini yana bir karra isbotladi.
Jahon kubogining yakkalik bahslarida halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashqlar bajargan gimnastikachilar o‘rtasida hamyurtimiz Sabina Toshkenboyeva munosib ishtirok etdi. U bulava bilan mashq bajarishda 17,950 ball to‘plab, shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.