FOTOREPORTAJ

Xorazm viloyati Xiva shahrida Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur olimpiadada mamlakatimiz hamda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon,  Hindiston, Vetnam, Jazoir, Braziliya va Belarus kabi dunyoning 16 ta mamlakatidan jami 130 nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda.

Xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tishi uchun hakamlar hay’ati tarkibiga mahalliy va xorijiy davlatlardan akademik, professor-o‘qituvchilar hamda tajribali mutaxassislar jalb qilingan.

Olimpiadaga faxriy mehmon sifatida Germaniya kimyo jamiyati a’zosi, uzoq yillar davomida Myunxen texnika universitetining Noorganik kimyo instituti direktori lavozimida faoliyat olib borgan professor Joxann Plank tashrif buyurdi.

Ta’kidlash joiz, professor Plank – kimyo sohasidagi yirik olimlardan biri hisoblanadi. U hozirda Singapurdagi Osiyo Myunxen texnika universiteti professori, Germaniya kimyo jamiyati, Germaniya neft va ko‘mir fanlari jamiyati, Neft muhandisligi jamiyati kabi ilmiy birlashmalarning faxriy a’zosidir.

Olimpiadada ishtirokchilarning bilim va salohiyati yozma va amaliy laboratoriya ishlari orqali baholanadi.

Mazkur olimpiada kimyo fani bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi uchun joriy yil 16-25 iyul kunlari Shvetsariyada o‘tkaziladigan xalqaro kimyo olimpiadasiga navbatdagi tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.

Behzodbek SAIDOV (surat), O‘zA