Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalarni ishga joylashtirish masalasiga doir tadbir o‘tkazildi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, bitiruvchi bosqich talabalarining bandligini ta’minlash va ish o‘rinlarini yaratishga oid bir qator ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, veterinariya va chorvachilik sohasiga katta e’tibor qaratilayotganligi va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

– Joriy yilda filialimizni uchta yo‘nalish bo‘yicha jami 75 nafar talaba tamomlaydi, – deydi Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i D.Kaniyazov. – Bugungi kunda 12 nafar bitiruvchi veterinariya bo‘limlari va fermer xo‘jaliklariga ishga joylashgan. Tadbir davomida ko‘plab talabalarning ham ishga joylashishi bo‘yicha tashrif buyurgan ish beruvchilar bilan kelishuvga erishildi.

Bitiruvchi bosqich talabalari bilan olib borilgan muloqot davomida ularning ham fikr va mulohazalari, takliflari tinglandi. Ko‘zlangan asosiy maqsad – talaba yoshlarning bandligini ta’minlash va ishga joylashishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish.

******

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qidiruvda bo‘lgan shaxs ushlandi.  Vazirlik Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu shaxs joriy yilning 8 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan.

Amudaryo tumanida yashovchi 1995 yil tug‘ilgan I.O. ismli shaxs mazkur tumanning “Uyshin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ushlandi.

 

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri