Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an dushanba kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Ozarbayjonga keldi. Bu haqda “AzerTAJ” ma’lum qildi.
Tashrifning rasmiy qismi bugun, 13 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Mamlakatlar rahbarlarining yuzma-yuz muloqoti, shuningdek, delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazilishi kutilmoqda.
“Anadolu” xabar berishicha, Erdog‘an Bokudan oldin Shimoliy Kiprga borgan. Turkiya yetakchisi an’anaga muvofiq saylovdan keyin birinchi bo‘lib aynan shu ikki manzilga safar uyushtirdi.
Erdog‘an “Biz yana 50 yil dosh berolmaymiz, Shimoliy Kiprning teng maqomini xalqaro miqyosda tasdiqlatish biz uchun zaruriy shartdir”, deya bayonot berdi.
Kipr 1974 yil davlat to‘ntarishi natijasida ikkiga bo‘lingan. Harbiy amaliyot natijasida turklarga orolning 37 foiz hududi o‘tgan, qolgani Kipr nazoratida. 1983 yil Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkil etilgan, biroq hudud xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.
Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Erdog‘anning Shimoliy Kiprga tashrifini noqonuniy, deb atadi.
“TIV Turkiya Prezidentining bosib olingan hududlarga noqonuniy tashrifini qoralaydi. Bu BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalari yana bir bor qo‘pol ravishda buzilishidir”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Abror XON,
O‘zA