O‘zbekiston – Indoneziya aloqalari
Bugun, 12 iyun kuni ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Indoneziya vitse-prezidenti Ma’ruf Amin rafiqasi Vuri Amin bilan ilk bor mamlakatimizga keldi.
Indoneziya hukumatiga qarashli “Airbus 330” samolyoti hozirgina Toshkent Xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif dasturga muvofiq, vitse-prezident 16 iyunga qadar O‘zbekistonda bo‘ladi. Delegatsiya tarkibiga mamlakatning qator vazirlik va idoralari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, tadbirkorlar kiritilgan.
Tashrif davomida Indoneziya delegatsiyasi mamlakatimiz hukumati, vazirlik hamda idoralarida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadi. Hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Shuningdek, Indoneziya delegatsiyasi Samarqandga ham tashrif buyuradi. Mehmonlar Xalqaro sayyohlik markazida bo‘lib, viloyat hokimligi vakillari bilan uchrashadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozim, Indoneziya mamlakatimiz mustaqilligini 1991 yil 28 dekabrda tan olgan. Diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 iyunda o‘rnatilgan.
Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqa jadal rivojlanayotgani quvonarli. Xususan, 2019 yil sentyabrdan boshlab Buxoro davlat universiteti va G‘unadarm universiteti o‘rtasida turizm sohasi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma magistratura ta’lim dasturi ham yo‘lga qo‘yildi.
2022 yil 6-11 sentyabr kunlari Indoneziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Puan Maharani Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoq a’zolari spiker ayollarining 14-sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
O‘tgan yil 13-16 noyabr kunlari esa Indoneziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri o‘rinbosari R.Gobelning yosh bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha YUNESKOning II Butunjahon konferensiyasi ishida ishtirok etish uchun yurtimizga keldi.
Yaqinda, 2023 yil 6-7 iyun kunlari Indoneziya turizm va ijodiy iqtisodiyot vaziri Sandiaga Salohuddin Unoning ham diyorimizga tashrifi tashkil etildi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA