Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqi ko‘magida yangi inklyuziv Davlat xizmatlari markazining (DXM) ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur markaz O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida pilot (sinov) tariqasida tanlangan 7 ta markazdan biridir. Loyiha pilot hududlardagi yangi markazlarni, shu qatori, Nukus tumanidagi Davlat xizmatlari markazini zamonaviy IT va kommunikatsiya uskunalari (serverlar, kompyuterlar, tarmoq va telekommunikatsiya qurilmalari, videokuzatuv qurilmalari, foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini yig‘ish qurilmalari va boshqalar) hamda fuqarolar uchun qulay kutish zali va zamonaviy konditsioner tizimlari bilan jihozlashga yordam beradi.

Bino qurilishida uning zamonaviy shaharsozlik me’yorlariga mos kelishi, fuqarolar, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun eng qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Yangi markazda elektron navbat tizimi, axborot kioski, o‘z-o‘ziga elektron xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy hudud, bolalar maydonchasi va mini kutubxona mavjud. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarning davlat xizmatlarini mustaqil ravishda olish yo‘llari va imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirish uchun axborot stendlari va plakatlar o‘rnatilgan.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlaridan eksterritoriallik tamoyili  asosida, ya’ni yashash yoki bo‘lib turgan joyidan qat’iy nazar, foydalanish tartibi joriy etilgan. Nukus tumanidagi yangi Davlat xizmatlari markazi 280 ta davlat xizmatini ko‘rsatadi va kuniga 300 nafarga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Markaz aholining barcha qatlamlari, jumladan, yosh bolali ayollar, nogironligi bor shaxslar, yoshlar va keksalarga ham mo‘ljallangan. Masalan, davlat xizmatlaridan foydalanishni yaxshilash maqsadida Davlat xizmatlari markazida panduslar, tutqichlar, shuningdek, nogironlar aravachalari, ko‘zi ojiz shaxslar uchun taktil plitkalar, bino rejasining Brayl alifbosida taqdim etilgan ma’lumot stoli, nogironlar aravachasida harakatlanuvchi shaxslar uchun davlat xizmatlarini olishda qulaylik yaratish uchun maxsus moslashtirilgan stol va maxsus hojatxona bilan jihozlangan.

BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovichning ta’kidlashicha, bu yerda ayollar bepul yuridik yoki psixologik yordam olishi, yangi ko‘nikmalarni rivojlantirishlari va tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun maslahat yordami olishlari mumkin. Davlat xizmatlari markazida yoshlar o‘zlarini ko‘ngilli sifatida sinab ko‘rish imkoniyati bor, har qanday tashrif buyuruvchi esa onlayn xizmatlardan foydalanish bo‘yicha zarur bilimlarga ega bo‘ladi.

Nukus tuman Davlat xizmatlari markazida boshqa pilot markazlarida bo‘lgani kabi, bir qancha tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan “Xotin qizlar maslahat guruhlari” (XMG), ular O‘zbekistonning qishloq joylaridagi ayollar, keksalar va nogironligi mavjud shaxslar o‘rtasida davlat xizmatlarini olish imkoniyatlari va tartiblari haqida xabardorlikni oshirish, shuningdek, zarur huquqiy, psixologik va maslahat yordamini ko‘rsatmoqda. “Volontyorlik” dasturi davlat xizmatlari markazlari faoliyati ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ko‘maklashishda ko‘ngillilarni jalb etishga qaratilgan. Barcha volontyorlar chekka hududlarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholi bilan muloqot qilishga tayyorlash uchun o‘qitiladi.

Aholining keng qatlami uchun kompyuter savodxonligini oshirish, yagona davlat xizmatlari portali my.gov.uz va AKTdan foydalanish kurslarini  tashkil   etish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda fuqarolarning, ayniqsa, aholining eng zaif qatlamlarining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish O‘zbekiston hukumati uchun so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishi bo‘lib kelmoqda. Ushbu islohotlar 2030 yilga qadar O‘zbekistonning BMTning  Barqaror  rivojlanishdagi  5-maqsad:  gender   tengligi,      10-maqsad: tengsizliklarni kamaytirish, 16-maqsad: tinchlik, adolat va kuchli institutlarga erishishiga yanada yaqinlashishiga yordam berdi.

Tadbir ishtirokchilari yangi inklyuziv Davlat xizmatlari markazida xodimlar va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA