O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokida poytaxtimizda qurib bitkazilgan “Ashxobod sayilgohi” ochildi.
Sayilgoh maydoni 12 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 1 ta 1180 metr kvadratni tashkil etuvchi usti yopiq inshoot (indoor) ichida 26 ta hamda 31 ochiq tipdagi o‘yin attraksionlari, nuroniylar maskani, muzqaymoq va salqin ichimliklar shoxobchalari qurilgan.
Zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘i kiraverishda turkman millatining mardlik va jasorat timsoli bo‘lgan Axaltaka otlari haykallari o‘rnatilgan. Bu yerda qarag‘ay, qrim qarag‘ayi, hind sireni, eman, kashtan, magnoliya, arizona kiparisi, salviya, moviy archalar ekilgan.
Hordiq chiqaruvchilar uchun o‘rindiqlar, veloyo‘laklar, favvoralar qurilgan. Amfiteatr va kafe ham dam oluvchilarga qulaylik yaratadi.
Qurilish ishlariga 500 ga yaqin malakali muhandis va ishchilar jalb qilindi. 180 ish o‘rni yaratildi.
Davlat rahbarlari sayilgohni ko‘zdan kechirdi. Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov o‘zini Ashxobodda yurganday his qilganini aytdi.
Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalarining ramzi sifatida “Ashxobod sayilgohi”da ikki davlat rahbarlari daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.