Yangi farmon
So‘nggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya sohasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.
Shu bilan birga, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur to‘lov muddati esa 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori o‘rtacha 1,5 barobarga oshirildi. Aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan 20 dan ortiq yangi instrumentlar joriy etildi.
Umumman olganda, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin, ammo o‘tgan vaqt davomida to‘plangan tajriba hamda yangilangan Konstitutsiyada mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishining belgilanganligi mazkur sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda.
Shu bois joriy yil 3 iyun kuni qabul qilingan “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni bu borada boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Sababi, farmon orqali davlat tomonidan bir qator aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda. Jumladan, endilikda kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish, samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash, ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Ya’ni endilikda har bir fuqaroga qaysidir yo‘nalishdagi ijtimoiy ro‘yxatlarda turganligi uchun emas, ularning ijtimoiy holati, bu vaziyatga tushib qolish sabablari o‘rganilgan holda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qaysi yordam turi orqali nafaqat uni, balki u orqali boshqa oila a’zolarining ham ijtimoiy holatini yaxshilash choralari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, aholining ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olinishini kengaytirish, xavf guruhlariga tushib qolgan oilalarni aniqlash va kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish orqali ularning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni hayotga o‘z vaqtida va tizimli tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilmoqda.
Endilikda aholining ijtimoiy himoyasi va moslashuviga bevosita daxldor bo‘lgan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy bo‘limlari kabi bir qator tashkilotlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazilib, yagona tizim orqali boshqariladi.
Shuningdek, 2024-yil 1 yanvardan boshlab, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan bolalar uylari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehribonlik uylari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari ham agentlik tasarrufiga o‘tkaziladi.
Ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish maqsadida 2023-yil 1 iyuldan boshlab agentlikning tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy xodimlar guruhi tashkil etilib, har bir xonadon ahvoli o‘rganilib, oilalardagi haqiqiy holat hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojlari aniqlanadi.
Umuman olganda, aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatining yo‘lga qo‘yilishi so‘nggi yillarda bu borada boshlangan ishlar samarasini yangi bosqichga olib chiqishga hamda asosiy Qonunimizda belgilangan O‘zbekiston ijtimoiy davlat tamoyilini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA