Nufuzli musobaqalarda munosib natijalarga erishishda tayyorgarlik dasturlari, strategik rejalar, “yo‘l xarita”lari muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, joriy yil davomida mamlakatimiz sportchilarini o‘nlab jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar qatori yozgi Osiyo o‘yinlari, “Chendu-2021” yozgi Butunjahon “Universiada” bahslari, II MDH o‘yinlarida qatnashishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston yoshlarining shiddatini namoyish etadigan mazkur musobaqalarga tayyorgarlik ishlari qanday kechmoqda? Ishlab chiqilgan dasturlarning ijrosi ta’minlanyaptimi?
Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov raisligida ushbu kompleks o‘yinlarga, xususan “Chendu-2021” yozgi butunjahon “Universiada” bahslari hamda II MDH o‘yinlariga tayyorgarlik taqdimotida ushbu masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumki, joriy yil 28 iyul-8 avgust kunlari Xitoy Xalq Respublikasida “Chendu-2021” yozgi butunjahon “Universiada” o‘yinlari tashkil etiladi.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, “Chendu-2021” o‘yinlarida dunyoning 110 tadan ziyod davlatidan 5 ming nafar atrofidagi sportchi qatnashishi kutilmoqda. Mamlakatimiz sport delegatsiyasi 85 nafarga yaqin talaba-sportchi bilan universiada o‘yinlarida ishtirok etishi rejalashtirgan.
Xo‘sh, Xitoydagi epidemiologik vaziyat tufayli kechiktirib o‘tkazilayotgan “Chendu-2021″da talaba-sportchilarimiz nechta sport turida yurtimiz sharafini himoya qiladi? Yutuqlar salmog‘i avvalgi “Napoli-2019” yozgi “Universiada” o‘yinlaridan farqli jihati nimalarda aks etadi?
Albatta, sport musobaqalari bashoratlar maydoni emas. Lekin, tayyorgarlik strategiyasi, o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulotlar, o‘yinlar oldi musobaqalar jarayoni asosida murabbiy va mutaxassislar taqdim etgan aniq dasturlar ma’lum bir fikrlarni aytishga izn beradi.
Taqdimotda shu xususda so‘z bordi. Bundan besh yil muqaddam o‘tgan “Napoli-2019” o‘yinlarida O‘zbekiston talaba-sportchilari 3 ta sport turida 2 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medallariga sazovor bo‘lib, 112 ta davlat orasida umum jamoada 19-o‘rinnni egallagandi.
Italiya sport maydonlarida kechgan o‘sha “Universiada” bahslarida tennischilarimiz 2 ta oltin, 1 ta kumush, taekvondochilarimiz 1 ta kumush, dzyudochilarimiz 4 ta bronza medaliga musharraf bo‘lgan. Bu yil bo‘ladigan “Universiada” o‘yinlarida esa mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan reja-dasturga muvofiq, mamlakatimiz talaba-sportchilari umumiy hisobda 18 ta sport turini qamrab olgan holda 7 ta sport turida 22 ta medallar jamlanmasini qo‘lga kiritishi prognoz qilinmoqda.
— “Chendu-2021″da kutilayotgan holat “Napoli-2019″dagi vaziyatdan tubdan farq qilishini, sport turlaridagi umumiy ob-havo oldingi ko‘rinishdan o‘zgacha ekanligini anglagan holda keltirilgan reja va maqsadlar amaliy natija bilan mutanosib bo‘lishi har bir sport turidagi talaba-sportchilarning imkoniyatlari, ularning xalqaro musobaqalarda erishayotgan ko‘rsatkichlari negizidan minimum holatda olinganligini nazarda tutish lozim. Masalan, 2019 yili Italiyada o‘tgan “Universiada”da yurtimiz sportchilari dzyudo, taekvondo, tennis sport turida 8 ta medalga ega chiqqan bo‘lsa, Xitoyda bo‘ladigan “Universiada” o‘yinlarida sovrindor bo‘lishi kutilayotgan sport turlari safiga sport gimnastikasi, yengil atletika, qilichbozlik va ushu kabi sport turlari qo‘shilmoqdaki, bu, butunjahon “Universiada” o‘yinlarida O‘zbekiston talaba-sportchilarning qamrovi yanada kengayayotganligidan dalolat. Bu nimani anglatadi? Sport turlari geografiyasining kengayishi, ishtirokchilar safining ortishi, yutuqlar prognozidagi o‘sishning tag zaminida eng avvalo, davlatimiz tomonidan sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligining samarasi, yoshlar, talabalar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport harakati yangi rivojlanish bosqichiga chiqqanligining amaliy ifodasi bo‘ldi, — deydi Yoshlar siyosati va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Rashid Matkarimov.
Aytish lozim, Xitoyda o‘tadigan yozgi “Universiada” o‘yinlari qizg‘in pallaga kirgan bir paytda, ya’ni joriy yilning 4-14 avgust kunlari Belarus Respublikasida II MDH o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi tashkilotiga a’zo 9 ta davlatning yosh sportchilari o‘rtasidagi bu galgi II MDH o‘yinlarida yoshlar 21 ta sport turida medallar uchun kurash olib boradi.
O‘tgan 2021 yili Rossiyaning Qozon shahrida o‘tgan I MDH o‘yinlarida sportchilar 18 ta sport turida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 12 tasi olimpiya, 6 tasi noolimpiya tizimidagi sport turlari sanalgan. Qozon bahslarida yurtimiz sportchilari 23 ta oltin, 32 ta kumush va 35 ta bronza medallariga musharraf bo‘lib, umum jamoada 2-o‘rinni egallagandi.
16 ta olimpiya, 5 ta noolimpiya sport turlari bo‘yicha bahslar o‘tkazilishi kutilayotgan II MDH o‘yinlarida O‘zbekiston sport jamoasi 22 ta sport turida qatnashib, 21 ta oltin, 36 ta kumush hamda 35 ta bronza medallarini qo‘lga kiritish rejasi ishlab chiqilgan.
Gohida kutilgan natijalar yuz bermasligi, bildirilgan tilaklar ijobat bo‘lmasligi ehtimoldan yiroq emas. Ammo, har qanday muvaffaqiyat avvalo istak va xohishning kuch-qudrati, tahlillarning samarali o‘tkazilishi orqali yuz berishini anglamoq lozimki, “Chendu-2021” yozgi butunjahon “Universiada” bahslari, II MDH o‘yinlari uchun ishlab chiqilgan taqdimot, tadbirlar rejasi, undagi xulosalar orzularimiz imkoniyatlarimizga mos kelishiga xizmat qilishini qalb qo‘rimiz bilan istab qolamiz.
T. Ro‘ziyev, O‘zA