“Transfermarkt” portali O‘zbekiston chempionatida ishtirok etayotgan futbolchilarning yangilangan narxini e’lon qildi.
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi va “Paxtakor” futbol klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayevning jahon chempionatidagi ishtirokidan keyin transfer bahosi 450 000 yevroga ko‘tarildi. Endi uning transfer bahosi 750 ming yevroni tashkil etmoqda, deyiladi xabarda.
“Navbahor” vakili Oston O‘runov va “Neftchi” yarim himoyachisi Nurillo To‘xtasinovning narxlariga 300 ming yevrodan qo‘shildi. Bu har ikkala futbolchining yangi transfer bahosi 800 ming yevroga teng ekanligini anglatmoqda.
“Dinamo” jamoasidan “Navbahor”ga o‘tgan Ibrohim Yo‘ldoshevning narxi 275 ming yevroga ko‘tarildi va 500 ming yevroga yetdi. O‘zbekiston U-20 terma jamoasi va “Nasaf” klubi vakili Zafarmurod Abdurahmatovning portaldagi narxi bungacha 100 ming yevro edi. Yarim yildagi o‘yinlari orqali 250 ming yevro qo‘shildi.
Shuningdek, transfer narxlari ko‘tarilgan va tushgan bir qator futbolchilar nomi ham ushbu ro‘yxatda keltirilgan.
Ular orasida “Surxon” futbolchilari Silvanus Nimeli va Asilbek Jumayev, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi a’zosi Behruz Asqarov, tajribali futbolchilar Husniddin Aliqulov va Xurshid G‘iyosov kabi o‘nlab futbolchilarning nomlari keltirilgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.