Rejep Tayyip Erdog‘anning Turkiya prezidentligiga qayta saylangani munosabati bilan bo‘lib o‘tadigan inauguratsiya marosimi shanba kuni, ya’ni, 3 iyunda bo‘lishi mumkin, deb bayonot berdi prezident maslahatchisi Mexmet Uchum ijtimoiy tarmoq orqali.
“Agar Oliy saylov komissiyasi prezident saylovining yakuniy natijalarini 1 iyunda e’lon qilsa, inauguratsiya marosimi 3 iyun kuni Anqarada bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Erdog‘an yangi Vazirlar Mahkamasi ro‘yxatini ham oshkor qiladi”, – deb yozdi Uchum.
Qayta saylangan prezidentning inauguratsiyasida ishtirok etadigan xorijlik yetakchilar ro‘yxati hozircha oxirigacha shakllantirilmagan, aniqlashtirish davom etmoqda, marosimda qatnashishni xohlovchilar ko‘p, degan edi avvalroq Adolat va taraqqiyot partiyasi rasmiy vakili Omer Chelik.
Erdog‘an Prezident saylovining ikkinchi bosqichida 52 foiz ovoz oldi.