Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 29 may-4 iyun kunlari Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi o‘tkazilmoqda. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan jami 30 ga yaqin o‘quvchi qatnashmoqda.

Yurtimiz sharafini olimpiadaning hududiy bosqichi g‘oliblari, har bir hududdan 3 nafardan 7-8 sinf o‘quvchilari himoya qiladi.

30 may kuni Xalqaro olimpiadaning ochilish marosimi doirasida turli ko‘ngilochar dasturlar, kichik jamoaviy sport o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Bugun, 31 may kuni xalqaro olimpiadaning 1-tur sinovlari o‘tkaziladi. Jarayonlar jonli tarzda monitor orqali berib boriladi.

– Bu olimpiada ilk marotaba o‘tkazilmoqda, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Umid Rahmonov. –Olimpiadaning birinchi turi yozma, ikkinchi turida esa test sinovlari bo‘lib o‘tadi. Maqsadimiz iqtidorli yoshlarni imkon qadar quyi sinflardan xalqaro olimpiadalar metodologiyasiga o‘rgatish hamda qo‘shni mamlakatlar o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tadigan sinovlarga ruhan tayyorlashdan iborat.

Andijon viloyatidagi Izboskan ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Muhammadrizo Bo‘riboyev ham ushbu olimpiadaga jamoadoshlari bilan jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan.

– Tayyorgarlik jarayonida anchagina murakkab testlarni yechdik va matematikaga oid bir nechta kitoblarni o‘qidik, – deydi M. Bo‘riboyev. –Ilgari viloyat olimpiadasida qatnashib, birinchi o‘rinni olganman. Xalqaro olimpiadada esa ilk marotaba qatnashyapman. G‘olib bo‘lishni niyat qilib turibmiz.

1 iyun kuni xalqaro olimpiadaning 2-tur sinovlari bo‘lib o‘tadi. Shu kuni olimpiada qatnashchilari uchun Davlat muzeylariga sayohat uyushtiriladi. Xalqaro olimpiadaning tantanali yopilish marosimi 2 iyun kuni o‘tkaziladi. G‘oliblar tantanali ravishda taqdirlanadi.

N.Rahmonova, O‘zA