31 may — Xalqaro chekishga qarshi kurash kuni

Qilichbek navqiron 42 yoshida koronavirus balosiga duchor bo‘lib, yotib qoldi. Pandemiya avj olgan pallada uning ham ahvoli kundan-kunga og‘irlashib borardi: ishtahasi yo‘q, tana harorati yuqorilab, tushishi qiyin, nafasi siqib qolar, olayotgan muolajalari kor qilmas edi…

Shifokorlar bemorning yaqinlariga barcha zarur choralar ko‘rilayotgani, ammo o‘pkasi tobora yomonlashib borayotgani, ko‘p yillar davomidagi kashandalik o‘z asoratini ko‘rsatayotgani, shuning uchun buyog‘iga faqat Yaratganning mo‘’jizasidan umid qilish mumkinligini tushuntirdi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay, Qilichbekning o‘pkasi butunlay ishdan chiqdi. Umri qisqa ekan, 2 nafar farzandi otasiz yetim bo‘lib qoldi. Ayoli, ota-onasi va yaqinlari uning kuyugida bo‘zlab qolishdi, “bu balodan ko‘pchilik sog‘ayib chiqyaptiku, nahot qirchillama yoshida bu dardga dosh berolmadi-ya”, deya dardu hasrat qilishdi… Afsus…

Ha, 2020 yilda butun dunyo aholisining boshiga kelgan “tojdor” virus balosidan ko‘plarning yostig‘i quridi, millionlab insonlar esa sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytdi. Vafot etganlarning aksariyati surunkali xastaligi bor, ichkilik va kashandalikni odat qilgan insonlar ekani tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘p bor takrorlandi. Shuning uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilish, yomon odatlarga oshno bo‘lmaslik uqtirildi.

Darhaqiqat, kashandalik, tamaki mahsulotlari inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi barchamizga ma’lum. Chekish insonning o‘zi va atrofdagilari sog‘lig‘iga ham juda katta ziyon yetkazadi. Ammo chekishni odat qilgan inson buni tushunsa-da, o‘zini idora qilishni istamaydi, sigaretga mukkasidan ketadi. Sigaret chekishga tobe bo‘lgan inson usiz hayotini tasavvur qila olmay qoladi. Bora-bora chekishga bo‘lgan ehtiyoj ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyoj bilan tenglashib qolar ekan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, chekish ta’siri ostida 25 dan ortiq kasallik (yurak-qon tomir, o‘pka va saraton)larning organizmda rivojlanishi kuchayadi. Ko‘pgina olimlarning izlanishlari xulosalarida o‘pka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bog‘liqligi haqida jiddiy ilmiy dalillar keltirilgan. Yurak-ishemik kasalligi va insultdan o‘lim holatlarining 70 foizi chekuvchi va spirtli ichimliklar ichuvchi odamlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Statistik ma’lumotlar har bir chekuvchi odam o‘z hayotini 18 yilga qisqartirishini ko‘rsatadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2022 yilda e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki mahsulotining inson organizmiga zararli ta’siridan har yili sayyoramizning 6 millionga yaqin aholisi vafot etadi. Ularning 12 foizi chekuvchi bo‘lmaganlar(passiv chekuvchilar)dir. Achinarlisi, bolalar passiv chekuvchilar bo‘lib qolmoqda. Ya’ni, ular atrofidagi odamlarning chekishi oqibatida tamaki tutuni aralash havo bilan nafas olishadi.  Bu esa tabiiyki, ularning salomatligiga ham katta zarar bo‘ladi. Bu ilmiy tadqiqotlarda ham isbotlangan. Ya’ni, passiv chekish ham odamda kasallikka chalinish, nogironlikka yo‘liqish va o‘lim xavfini oshirishi isbotlangan.

Tamaki tutuni kasallikka qarshi immunitetning birlamchi kurashuvchan javobiga sabab bo‘luvchi interferonlarni bloklaydi. Bundan tashqari, zararli odat tufayli o‘pkasi zararlangan chekuvchilarda koronavirus keltirib chiqargan pnevmaniya qiyinroq kechadi. Demak, koronavirus infeksiyasi xavfi sezilarli darajada chekingan bo‘lsa-da, chekuvchilar bu zararli odatdan voz kechishga jiddiy kirishishi lozim.

Psixologlar fikriga ko‘ra, chekishni tashlash jarayonida eng qiyini dastlabki uch kunni boshdan kechirishdir. Ushbu muddatda inson o‘zini idora qila olsa, chekishga tobelikni yenga olsa, irodali bo‘lsa, bu odatdan qutulib keta oladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 1988 yilda 31 mayni Xalqaro chekishga qarshi kurash kuni deb e’lon qilgan. Xalqaro chekishga qarshi kurash kunining global maqsadi hozirgi va kelgusi avlodni tamakining nafaqat sog‘liq uchun salbiy jihatlaridan, balki ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy talafotlarning vayronkor oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan.

Mamlakatimizda ham sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholini zararli odatlardan himoya qilish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinadi.

Bu borada yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste’mol qilinishini cheklashga oid munosabatlar belgilab qo‘yildi. Jumladan, mazkur hujjatda alkogol va tamaki mahsulotlarining sotuvi, ishlab chiqarilishi, tarqatilishi, iste’mol qilinishi bilan bog‘liq bir qator cheklovlar, tartib-qoidalar belgilandi.

Ammo davlat va jamiyat tomonidan kashandalik illatiga qarshi qancha choralar ko‘rilsa-da, avvalo, chekuvchi insonlarning o‘zi o‘z sog‘lig‘i, yaqinlari xotirjamligi uchun harakat qilishi, bu zararli odatlardan voz kechishi lozim. Zero, sog‘lom insonlar sog‘lom jamiyatni, sog‘lom kelajakni barpo etadi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA