Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) ga a’zo mamlakatlar fuqarolarining hayot kechirish darajasini yuksaltirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirmoqda, deb bayonot berdi SHHT bosh kotibi Chjan Min kambag‘allikni qisqartirish va barqaror taraqqiyot bo‘yicha o‘tkazilayotgan anjumanda so‘zga chiqib.
Uning ta’kidlashicha, SHHT bosh kotibi sifatida har gal a’zo davlatlarga tashrif buyurganida xalqlarning kambag‘allikni qisqartirish va turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarga nisbatan yakdil fikrlarini eshitib keladi. “SHHTning yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik bo‘yicha Xitoy qo‘mitasi kambag‘allikni qisqartirish masalalari hamda ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilish platformasi bo‘yicha aniq choralarni taklif etib kelmoqda”, deya ta’kidlagan u.
Tashkilot bosh kotibining ishonch bildirishicha, joriy haftada bo‘lib o‘tayotgan SHHT forumi tashkilotga a’zo mamlakatlarning kambag‘allikka qarshi kurashda erishilgan yutuqlarini chuqur anglashga hamda bilim va tajribalarini baham ko‘rishga yordam beradi. Forum doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar yakuni esa tez orada amaliyotga joriy qilinadi.
Tashkilot a’zo mamlakatlarga ushbu sohada hamkorlikni mustahkamlash uchun yaxshi platforma taqdim etishga tayyor, deya qo‘shimcha qildi u.
SHHTning yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Shen Yueyue o‘z chiqishida Xitoyning kambag‘allikka qarshi qurashda to‘liq g‘alabaga erishganiga va o‘ta qashshoqlikni butunlay yo‘q qilganiga urg‘u berdi. Uning ta’kidlashicha, bu borada Pekin hamkor mamlakatlarga yordam berishga tayyor.
SHHTning kambag‘allikni qisqartirish va barqaror taraqqiyot forumi 29 maydan boshlab Xitoyning Shensi provinsiyasida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda SHHTga a’zo mamlakatlarning qishloqlarda kambag‘allikka barham berish va barqaror rivojlanish masalalari muhokama etilmoqda.