Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasining poytaxtimizda joylashgan Bosh ofisida navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Assotsiatsiya raisi, rais o‘rinbosari va a’zo tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda joriy yilgi Umra ziyoratini namunali tashkil etishdagi yangiliklar va navbatdagi mavsumga puxta hozirlik ko‘rish, Assotsiatsiya faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qilinadigan ishlar hamda galdagi vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Ma’lumki, keyingi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, umra ibodatiga borishda kvotalarning olib tashlangani barcha yurtdoshlarimizni xushnud qildi. Bunda ushbu muqaddas ziyoratlarni namunali va belgilangan tartibda tashkil etuvchi davlat ro‘yxatidan o‘tgan firma va tashkilotlarning ham hissasi bor.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan dolzarb masalalar ham keng muhokama qilinib, xalqimizga namunali xizmat ko‘rsatish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida Assotsiatsiyaga yangi a’zolar qabul qilinib, davlat namunasidagi a’zolik sertifikatlari tantanali topshirildi.
Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (uyushmasi) 2022 yil 7 oktyabrda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘tgan qisqa davr mobaynida Assotsiatsiya atrofida muqaddas islom dinining asosiy arkonlaridan birini namunali tashkil etishga ixtisoslashgan 25 dan ziyod respublikamiz hamda xorijdagi sayyohlik firma va tashkilotlari birlashib, yurtimiz aholisi va xorijliklarga zamon talablari asosida xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu haqda assotsiatsiya axborot xizmati ma’lum qildi.
N.Usmonova, O‘zA