Davlatimiz rahbarining 2016 yil 9 sentyabrdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “G‘uzor – Buxoro –Nukus –Beyneu” avtomobil yo‘lining 228 -315 kilometr (87 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qarorga binoan “A-380 yo‘lining Buxoro viloyati hududidan o‘tgan 228-315 kilometr qismini qayta qurish ishlari bo‘yicha xalqaro tender savdolari o‘tkazildi. Unda qatnashgan Xitoy Xalq Respublikasining “China Railway 20 Bureau Group Corporation” kompaniyasi ob’ektning sement-beton qoplamasini qurish ishlariga bosh pudratchi etib tayinlandi. Ob’ektning tuproq ko‘tarmasi va asoslarini qurish ishlarida mahalliy pudratchilar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Xitoy kompaniyasining O‘zbekistondagi mas’ullari ma’lumotlariga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 184,8 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Hozirda pudratchi tomonidan umumiy uzunligi 101 kilometr (bir tomon), jumladan, Buxoro-Xorazm yo‘nalishi bo‘yicha 66 kilometr, Xorazm-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha 35 kilometr yo‘l qismida sement-beton yo‘l qurish ishlari to‘liq yakunlangan.
Shuningdek, loyiha doirasida rekonstruksiyaga tushgan 15 ta ko‘prikning 3 tasida qurilish ishlari to‘liq yakunlandi. Ularda avtomobil harakati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, qolgan 12 ta ko‘prikda asosiy qurilish-montaj ishlari yakuniy bosqichda jadal davom etmoqda.
– 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish, hududlarda, ayniqsa mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek, aholining turmush darajasini oshirish hamda tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish maqsadida Prezidentimizning “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilingan, – deydi viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh muhandisi Hasan Sherov. – Unga muvofiq, jumladan, Buxoro viloyatida yo‘l-transport infratuzilmasini qayta qurish va mukammal ta’mirlash uchun 69 milliard 650 million so‘m malag‘ ajratilgan. Shundan 27 milliard so‘m mablag‘ avtomobil yo‘llari kapital ta’miriga ajratilgan. Hududdagi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlari qayta qurilishiga 42 milliard 650 million so‘m sarmoya moliyalashtirilgan.
Mazkur qaror talabidan kelib chiqib “A-380” rusumli “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 368 -kilometrida, “O‘ng qirg‘oq” kollektori ustidan yangi ko‘prik qurish belgilangan. Ishda buyurtmachi tomoni – “Umumiy fodalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstrutsiya qilish direksiyasi” DUK hamda pudratchi Navoiy ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida shartnoma tuzilgan. O‘tgan yili yoz oylaridan boshlangan mazkur ko‘prik qurilishini joriy yilning iyun oyida yakunlab, foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
“Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi ko‘priksozlari tomonidan “A-380” rusumli Buxoro halqa yo‘lining 14- va 16-kilometrlaridagi ikkita ta’mirtalab ko‘prik inshootida ayni kunda qayta qurish, kapital rekonstruksiya ishlari jadal davom etmoqda. Bu ob’ektlarda o‘ndan ortiq maxsus texnika va mexanizm, avtokran va yuk avtomashinalari kuchidan foydalangan holda qirqqa yaqin ishchi-mutaxassis jonbozlik ko‘rsatmoqda. Mazkur ko‘priklar yakka o‘qqa tushadigan yuk og‘irligi 13 tonnadan ortiq bo‘lgan og‘ir avtotransport vositalarini o‘tkazishga mo‘ljallab barpo etilmoqda. Yaqin kunlarda nshootlarda qayta qurish va ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkaziladi. Ko‘priklar foydalanishga topshiriladi.
Zarif Komilov,
O‘zA