Toshkentda O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi, Islom biznesi xalqaro assotsiatsiyasi va Litvaning “World Halal Trust Group” halol sertifikat va standartini joriy qiluvchi kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk bor “O‘zbekiston Respublikasi birinchi halol forumi” bo‘lib o‘tdi. Unda halol sertifikatining imtiyozlari, yutuqlari haqida qizg‘in fikrlar bildirildi.

Ta’kidlanishicha, aksariyat tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsuloti yoki taqdim etayotgan xizmati uchun “Halol” standartini joriy qilish hamda sertifikatlash jarayonini murakkab deb o‘ylaydi.

Halol (ya’ni – ruxsat etilgan) tushunchasi – Islom dinida ruxsat etilgan mahsulotlar bo‘lsa, “Halol” standartlari esa, mahsulotlarni islom dini talablari bo‘yicha ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish va tamg‘alash jarayonlariga bo‘lgan talablarni belgilaydi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, “Halol” standartini joriy etish bo‘yicha Malayziya, Turkiya, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Indoneziya kabi mamlakatlar ilg‘or hisoblanadi.

Bugungi kunda “Halal” belgisi ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlarga Yevropa Ittifoqi, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Xitoy, Hindiston, Lotin Amerikasi, Yangi Zelandiya va Tailandda ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi MDH mamlakatlari Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Iordaniya, Misr, Bahrayn kabi musulmon mamlakatlariga “Halal” belgisi ostida o‘z mahsulotlarini eksportga chiqarib ulgurgan. Shuningdek, dunyoda musulmonlarning ortgani sari “Halol” standarti talablari asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlarga bo‘lgan talab ham ko‘paymoqda.

Forumda ana shular haqida so‘z yuritildi.

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA