Bugun, 29 may kuni Ozarbayjonda taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionati boshlanmoqda.
Kecha, 28 may kuni o‘tkazilgan Jahon taekvondo federatsiyasi Bosh assambleyasi yig‘ilishida 140 dan ortiq mamlakat taekvondo federatsiyalari rahbarlari qatori O‘zbekiston WT taekvondo assotsiatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev ham qatnashdi.
Assambleya yig‘ilishida Parij-2024 Olimpiadasining reyting ochkolari o‘ynaladigan oktyabr, noyabr va dekabr oylaridagi Gran-pri turnirlari, Xitoy ochiq chempionati, Katta dubulg‘a musobaqasi hamda Jahon kubogi bahslarini yuqori saviyada o‘tkazish, shuningdek, o‘smirlar o‘rtasida dunyo birinchiligini tashkil etish, 2028 yilga qadar sportchilar uchun muhim hisoblangan turnirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yili taekvondo bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalar, ommaviy tadbirlar sarhisob qilinib, tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etgan davlatlar qatorida O‘zbekiston nomi ham qayd etildi.
Anjuman yakunida jahon chempionatining bir qator vaznlariga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, bugun chempionatning birinchi kunida erkaklar o‘rtasida 68, ayollarda esa 57 kilogrammda g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. Bugungi bellashuvlarda hamyurtlarimizdan Tokio-2020 Olimpiadasi g‘olibi Ulug‘bek Rashitov hamda Madina Mirabzalova yurtimiz sharafini himoya qiladi. Ulug‘bek Rashitov ilk jangini kamerunlik Uilfrid Makentchou va Malavi vakili Jozef Firi juftligining g‘olibi bilan bahsni boshlab bersa, Madina Mirabzalova eronlik Tina Modanloga qarshi kurash olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, 26-bor o‘tkazilayotgan jahon chempionatida yuzdan ziyod davlatning mingga yaqin taekvondochilari 16 vazn toifasidagi medallar jamlanmasi uchun bahs yuritadi.
Jahon chempionati 4 iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA