Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil BMT tinchlikparvar kuchlarining 103 xodimi halok bo‘lgan.

Bosh kotib Antoniu Guterrish 29 may kuni nishonlanadigan Xalqaro tinchlikparvar kuchlari kuni arafasida Nyu-Yorkdagi qarorgohda chiqish qilib, jumladan shunday dedi:

– BMT tinchlikparvar kuchlari a’zolari boshqalarni qutqarish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishadi. Ular mojaro markazida qolgan oddiy aholining umidi va himoyachisi. Xavfsizlik, barqarorlik va qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlaydigan harakatdagi ko‘p qirralilikning ramzidir. Har yili BMT Xalqaro tinchlikparvar kuchlari kuni bizga dunyoning eng xavfli hududlarida tinchlik uchun kurashayotgan ayollar va erkaklar xotirasini hurmat qilish imkonini beradi.

Xabarda aytilishicha, maxsus marosimda Guterrish BMT bayrog‘i ostida xizmat qilish chog‘ida jon berganlar xotirasi sharafiga gul qo‘ygan. U 2022 yil halok bo‘lganlarni vafotidan so‘ng Dag Xammarsheld medali bilan taqdirlagan.
Bu yil BMT tinchlikparvar operatsiyalari o‘tkazila boshlanganiga 75 yil to‘ldi. Bugungi kunda BMTning 12 missiyasida dunyoning 125 davlatidan 87 mingdan ziyod “ko‘k dubulg‘a”li fidoyi xizmat qilmoqda.

1948 yil 29 may, ya’ni Yaqin Sharqda ilk tinchlikparvar missiya tashkil etilgandan buyon BMT bayrog‘i ostida 4 ming 200 dan ortiq xizmatchi halok bo‘ldi. Ulardan 103 nafari notinch hududlarda jonini qurbon qilgan.

– Harbiylar, politsiya va fuqarolik xizmati xodimlari BMT missiyasiga dunyoning 39 mamlakatidan kelgan, – qo‘shimcha qildi bosh kotib. – Ularning bari insoniyat oldidagi burchimizni yurakdan his etgan odamlar. Halok bo‘lganlarning oila a’zolari, do‘stlari, hamkasblari va mamlakatlariga ta’ziya bildirib, chuqur hamdardlik izhor etaman. Ularning xizmati va fidoyiligini hurmat qilamiz.

Shuningdek, bosh kotib “Eng yaxshi gender faoli” mukofotini ham sohibiga –Sudan va Janubiy Sudan chegarasidagi bahsli hududda Muvaqqat xavfsizlik kuchlari vzvodiga rahbarlik qilgan ganalik 32 yoshli kapitan Sesiliya Erzuaga topshirdi.

2016 yil ta’sis etilgan ushbu mukofot BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida”gi 1325-rezolyutsiyasi tamoyilini ilgari surishda tinchlikparvar kuchlar fidoyiligi va samarali sa’y-harakatini e’tirof etadi.

S.Rahimov,

O‘zA