Betakror ta’mi, o‘ziga xos ko‘rinishi va mazasi tufayli butun dunyoda sevib iste’mol qilinadigan turk taomlari inson salomatligi uchun ham juda foydali. Ayni kunlarda ko‘plab davlatlarda “Turk oshxonasi” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Loyiha doirasida Turkiyaning dunyo bo‘ylab diplomatik vakolatxonalari Xatay oshxonasining o‘ziga xosligini targ‘ib qilish maqsadida turli ijtimoiy, media kampaniyalar o‘tkazmoqda.
Toshkent shahrida Turkiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan shunday tadbirda diplomatik korpus vakillari rafiqalari bilan, shuningdek qator martabali mehmonlar ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, gastronomiya sohasida YUNESKO ijodiy shaharlari tarmog‘ining bir zanjiri bo‘lgan Xatay beqiyos oshxonasi bilan e’tiborni tortadi. Bu hududda unumdor tuproqda yetishtirilgan yuqori sifatli zaytun moyi va doni, dukkakli ekinlar, sabzavot, meva, mahalliy o‘t va ziravorlar birlashtirilgan holda mo‘’jizalar yaratiladi. Bu gal taom tayyorlashda ortiqcha chiqindi chiqarmaslikka alohida e’tibor qaratiladi.
Turk oshxonasi haftaligi ishtirokchilari mahalliy mahsulotdan va an’anaviy pishirish usullaridan foydalangan holda,Xatay taomlarini tayyorladilar. Qadimiy va barqaror turk oshxonasining boy biologik xilma-xilligi, turli iste’mol usullari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldilar. Qolaversa, qatnashchilar turk oshxonasining barqaror va chiqindisiz yondashuvga asoslangan pishirish metodologiyasini o‘rganib, amaliy tajriba almashdilar.
– O‘zbekistonliklar turk taomlarini sevib iste’mol qilishadi, mamlakatdagi ko‘plab turk restoranlari doim gavjumligini ko‘rib, bunga ishonch hosil qilish mumkin, –deydi tadbir tashkilotchisi Nurgul Bekar. – Xabaringiz bor, joriy yil Turkiyada sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan, ayniqsa, Xatay viloyati jiddiy zarar ko‘rdi. Bizning maqsadimizbetakror Xatay oshxonasining o‘ziga xos an’anasi, tarixi va yemak tayyorlash jarayoninitarg‘ib qilish, bu haqda keng ommaga ma’lumot berish. Loyiha davlatimiz rahbarining turmush o‘trog‘i Emine Erdog‘an tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. TadbirdavomidaXatayning o‘zgacha taomlari, yashil zaytundan tayyorlangan antiqa salatlar tayyorlanib, mehmonlarga tortiq qilindi.
Shuningdek, dasturxonga turk qahvasi va choyi, lokum va boshqa lazzatli taomlar tortildi. “Zaytun salati”, “hummus” va “kisir” singari o‘ziga xos taomlarni tayyorlash jarayoni haqida videolavha namoyish etildi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA