Xitoy ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri sifatidagi mavqeini saqlab kelmoqda. Qator davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo bitimlar sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun poydevor, mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti.

Bugungi kunda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining yuqori salohiyati jahon hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda. O‘tgan yil sentyabr oyida uch davlat ishtirokida mazkur loyiha bo‘yicha tegishli hujjatlar imzolangan. Ushbu tarixiy voqea amalga oshishi bilan Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va janubiy yo‘lak orqali Fors ko‘rfazi davlatlariga yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshadi.

Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari axborot agentliklari forumi qatnashchilari mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning yangi istiqbollari bilan tanishish maqsadida Chjensjyan viloyati Ninbo shahridagi dengiz porti faoliyatini o‘rgandilar. Mahsulot ayirboshlash bo‘yicha dunyoda o‘n to‘rt yildan beri birinchilikni qo‘ldan bermay kelayotgan mazkur bandargoh, mutassadilar ta’kidlashicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan O‘zbekistonga yuk tashish xizmati ko‘rsatishda salmoqli foyda keltirishi mumkin. Ayni payt ikki tomon o‘rtasida aloqani kengaytirish uchun muzokaralar olib borilmoqda.

“Sharq kabeli” majmuasi yer osti va yer usti elektr kabellari ishlab chiqarishga moslashgan. Ellik gektar hududni egallagan zavodda mingga yaqin ishchi-xizmatchi band. Bosh direktor o‘rinbosari Chjan Yuey ma’lumot berishicha, ushbu korxonada yiliga yuz milliard yuan yoki yetti milliard dollarlik mahsulot tayyorlanadi. 35-2,500 millimetr/kvadrat hajmli kabelning 80 foizi eksport kilinadi. Bunday mahsulot Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Eron hamda Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida xaridorgir. Mazkur jamoa bilan sheriklik qilish ham mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga ko‘maklashishi, shubhasiz.

Abror G‘ulomov, O‘zA
Ninbo, Xitoy