Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabida ham “Ilmni qadrla, ilmga intil!” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri o‘tkazildi.
Unda ta’lim mutasaddilari bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i Ilhombek Kazakov qatnashib, o‘quvchi yoshlarni bayram bilan tabrikladi, ularga kelgusida baland parvozlar va oq yo‘l tiladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu maktabda tashkil etilgan “Yosh bojxonachi” to‘garagi yil davomida o‘z faoliyatini jadallik bilan olib borib, o‘quvchilarni bojxona sohasi bilan yaqindan tanishtirdi.
Bayramona tadbir davomida ushbu to‘garak doirasida o‘tkazilgan nazariy va amaliy darslarda faol ishtirok etgan, shuningdek, tashkil etilgan musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bir qator o‘quvchilar bojxona organlari tomonidan taqdirlandi. Xususan, bojxona qo‘mitasi tomonidan ta’sis etilgan “Yosh bojxonachi” ramziy nishoni bilan 12 nafar o‘quvchi mukofotlandi. Shuningdek, yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan badminton bo‘yicha musobaqa g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ilm maskani hisoblanmish maktabdan olgan ta’lim va tarbiya yoshlarning kelajakda o‘z o‘rnini topishlarida tirgak vazifasini bajaradi. Bu yo‘lda bojxona organlarining ham hissasi borligi quvonarli, zero bugungi taqilgan ramziy nishonlar o‘quvchilarni yanada katta qadamlar sari yetaklashi shubhasiz.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri