Mamlakatimiz mustaqilligini asrab-avaylash, sarhadlarimizning har qarichini ko‘z qorachig‘idek saqlash, yurtimiz himoyasini ta’minlash vatanparvar harbiy xizmatchilar zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatdir.
Jadallik bilan taraqqiyotga yo‘l ochgan so‘nggi yillardagi islohotlar mudofaa sohasini ham o‘z ichiga olib, milliy armiyamizni tom ma’noda qayta qurish, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlash, xizmat o‘tash uchun shinam va qulay shart-sharoitlar yaratilishiga zamin bo‘ldi.
Bugun armiya saflarida xizmat qilish har bir er yigit uchun nafaqat sharafli burch, balki muqaddas vazifaga aylandi. Harbiy xizmat nufuzi va armiyaga bo‘lgan e’tibor ortib bormoqda.
Xizmat nufuzi ortishi hamda xalqimizning ishonchi yanada mustahkamlanishida albatta so‘nggi yillarda davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining samarali faoliyati katta ahamiyatga ega.
Zero, “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish, armiya va xalq o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini o‘tash uchun tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi va uning hududiy bo‘linmalari xalq va milliy armiya o‘rtasidagi uzviy birlikni, hamfikrlikni va yakdillikni mustahkamlamoqda.
Mazkur tizim mudofaa va harbiy qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida keng jamoatchilik fikrini shakllantirib, yurtimiz mudofaa qudratini oshirishning dolzarb masalalarini atroflicha o‘rganish, shu asosida tegishli taklif, tavsiyalar ishlab chiqish tufayli, xalq va armiya yakdilligini ta’minlashdek muhim vazifalarni bajarmoqda.
Xabaringiz bor, shu yilning 11 aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, kengashning asosiy vazifalari, yangilangan tarkibi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarida Jamoatchilik kengashining hududiy bo‘linmalari namunaviy tarkibi hamda Jamoatchilik kengashi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan.
Mazkur farmonda qo‘yilgan ustuvor vazifalarni sifatli bajarish hamda harbiy xizmatchilar bilan yaqindan tanishish maqsadida yangilangan tarkibdagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, kengashning hududiy bo‘linmasi a’zolari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Ulug‘bek Do‘stmatov, Nukus harbiy prokurori, adliya polkovnigi Shuhrat Zoirov, harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni kengash raisi Iqboljon Mirzaaliyev ochib berdi hamda mazkur farmon bilan Jamoatchilik kengashi oldiga qo‘yilgan vazifalar, uning asosiy faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi. U o‘z so‘zida so‘nggi 7 yilda amalga oshirilgan tub islohotlar samarasi o‘laroq, milliy armiyamiz tom ma’noda yangicha qiyofa kasb etib, butkul zamonaviylashganini ta’kidladi.
Jumladan, senator o‘z nutqida aynan Nukus garnizonidagi harbiy ob’ektlar misolida amalga oshirilgan kapital ta’mir va bunyodkorlik ishlarini yuksak baholab, davlatimiz rahbari tomonidan armiyaga bo‘lgan katta e’tibori namunasi ekanligini e’tirof etdi.
“Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markaziga chamasi 7 yil oldin kelgan edim. Bu yer juda ayanchli holatga kelib qolganini ko‘rib, rosa xo‘rsindim. Deyarli xaroba holatida bo‘lgan bino bugun muhtasham qiyofa kasb etib, haqiqiy ma’naviyat va ma’rifat ulashuvchi maskanga aylanganini ko‘rib, juda quvondim”, dedi o‘z nutqida kengash raisi.
Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi va o‘rinbosarlari, harbiy prokuror o‘z nutqida harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini, jangovar va milliy ruhini hamda jamiyatda harbiy xizmat nufuzini oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan Jamoatchilik kengashi endilikda yangi kuch, yangi g‘ayrat bilan xalqimiz va armiyamiz o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlashda davom etishiga ishonch bildirishdi.
Albatta, O‘zbekiston xalq shoiri, Iqbol Mirzo, deya hurmat topgan ijodkor ishtirokidagi har qanday yig‘ilish, ijodiy uchrashuvga aylanishi tabiiy. O‘tkir qalam sohibi ijod namunalari bilan yig‘ilganlar qalbini milliy ruh bilan to‘ldirgan bo‘lsa, muddatli harbiy xizmatga kelgan yigitlarning she’riyatga bo‘lgan qiziqishi, hatto yetuk ijodkorda ham katta taassurotlar qoldirdi.
Tashrif davomida Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev Nukus garnizonidagi bunyodkorlik ishlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, harbiy okrug tarixi muzeyidagi eksponatlarni o‘rgandi.
Shuningdek, Urganch garnizonidagi harbiy qismda ham Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishni Iqboljon Mirzaaliyev olib bordi hamda kengash bilan kelgusidagi rejalarni muhokama qildi.
Temur Narziyev,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug
matbuot xizmati boshlig‘i, podpolkovnik.
O‘zA