O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Turizm va madaniy meros vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan 25-28 may kunlari Mo‘ynoq tumanida “Rally Muynak – 2023” avtoralli bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkaziladi.
Chempionatni tashkil etishdan asosiy maqsad mintaqada turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilishdan iborat.
Bugun “Rally Muynak – 2023” avtomotosport musobaqalari ishtirokchilari tantanali kutib olindi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur bellashuvlarda 120 nafardan ziyod avtomotosport ustasi, shundan 40 tadan ortiq avtomobil, 25 tadan ziyod mototsikl va 15 tadan ortiq “Baggi” ishtirok etadi.
Ertaga mamlakatimizning turli burchaklaridan va xorijdan kelishi kutilayotgan sportchilar ikki toifadagi avtomobillarda – dvigatel hajmi 1600 sm3gacha “A-8” va dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “A-9” sinflari bo‘yicha bellashadi. Shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “Baggi” va dvigatel hajmi 125 sm3gacha va 500 sm3gacha mototsikllar bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etiladi.
Uch kun davom etadigan ushbu nufuzli musobaqani nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun dunyo bo‘ylab ushbu sport turi ixlosmandlari katta qiziqish bilan kutmoqda.
“Rally Muynak – 2023” avtomobil sporti musobaqalari g‘oliblariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlari topshiriladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri