FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani “Choyko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 7 ming 120 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hudud aholisi mehnatkash. Buni aholi xonadonlarida tomorqachilikning yaxshi yo‘lga qo‘yilganidan ham bilish mumkin.
Ovul xonadonlaridagi 203 gektar tomorqa yerlarda meva-sabzavot, poliz ekinlari yetishtirilmoqda.
Shuningdek, hudud aholisi pillachilik bilan ham shug‘ullanadi.
Aprel oyida pilla yetishtirish istagidagi 93 xonadonga 75 quti ipak qurti tarqatilgan bo‘lib, ayni paytda pilla hosili davlat xirmoniga topshirilmoqda.
– Uzoq yillardan buyon oilamiz pilla yetishtirish bilan shug‘illanib keladi, – deydi 75 yoshli otaxon Tursinboy Safarov. – Joriy yil 1 quti ipak qurtini nevaralarim va kelinim bilan parvarishladik. Albatta, natijalar yomon emas, xirmonga 85 kilogrammdan ortiq “kumush tola” topshirishni niyat qilganmiz.
Bundan tashqari xonadon egalari 7 sotix tamorqa yerida kartoshka, pomidor, piyoz, bodring, meva va poliz ekinlarini yetishtirib, yaxshi daromad olmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA