Kombodja poytaxti Pnompen shahrida Suv resurslari bo‘yicha Osiyo parlamentlararo maslahat kengashining 5-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya kabi davlatlardan parlament a’zolari qatnashdi.
Majlisda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar va parlament a’zolarining roli, suv bilan ta’minlash va ijtimoiy ta’minot dasturlari, siyosiy tadqiqotlar va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar ushbu maydondagi hamkorlik suv xo‘jaligi masalalarini hal qilish, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tarmog‘i ishlashini ta’minlash, suv toshqinlari va qurg‘oqchilikning oldini olish, suv xavfsizligini ta’minlash uchun ilg‘or yuqori texnologiyali vositalardan foydalanish imkonini berishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov keyingi yillarda mamlakatimizda keng ko‘lamli demokratik islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda Orolbo‘yi ekotizimini yaxshilash borasida ishlar amalga oshirilayotgani, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million ko‘chat ekilayotgani ta’kidlandi.
Majlis davomida “yashil iqtisodiyot”, “yashil energetika” tamoyillarini joriy etish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi namoyish etildi
Ishtirokchilarga Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi a’zolari va ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan sayyoramiz mintaqalaridagi iqlim o‘zgarishi intensivligini aniqlab beradigan universal formula taqdim etildi.
Yig‘ilganlar iqlim o‘zgarishining oldini olish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga va suv barqarorligiga erishish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish lozimligini ta’kidladi.
Majlis yakunida suv barqarorligini ta’minlash, iqlim muammosini hamjihatlik bilan hal etish, hamkorlikni rivojlantirish hamda parlamentlar ishtirokida ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha dastur va loyihalar taklif etildi.
N.Abduraimova, O‘zA