Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning birinchi choragida Dubay mehmonxonalarida, kamida, bir kecha-kunduzni o‘tkazgan xorijlik sayyohlar soni 4,67 millionni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning shu davriga nisbatan 17 foiz ko‘p. Bu haqda Dubayning Iqtisodiyot va turizm departamenti axborot agentligiga ma’lum qildi.

“2023 yil birinchi chorakda xalqaro sayyohlar soni sezilarli darajada o‘sishi Dubayning global turizm sektorida tiklanishga olib keladigan asosiy yo‘nalishlardan biri ekanidan dalolat beradi”, – deyiladi xabarda.

Yaqinda BAA vitse-prezidenti va Bosh vaziri, Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tomonidan e’lon qilingan iqtisodiy kun tartibi shaharning jahon iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasini oshirish bo‘yicha ulkan yangi maqsadlarni belgiladi. Turizm sanoati nafaqat mamlakat iqtisodiyotining muhim ustuni, balki Dubayning bozor, madaniyat va mintaqalar o‘rtasidagi ko‘prik sifatidagi mavqeini mustahkamlashda ham asosiy o‘rin tutadi.

“Dubay kelgusi yillarda innovatsiyani davom ettiradi, sayohatchilar uchun noyob tajriba yaratadi va yashash, sayohat qilish, ishlash, sarmoya kiritish uchun dunyodagi eng yaxshi joyga aylanishga intiladi”, dedi valiahd shahzoda, Dubay ijroiya kengashi raisi Hamdan bin Muhammad bin Rashid Ol Maktum.

30 arab sayohat bozorida e’lon qilingan turizm natijalari Dubayni dunyodagi eng tez tiklanadigan yo‘nalish sifatida ko‘rsatgan. 2023 yil birinchi chorakda amirlik pandemiyadan oldingi sayyohlar kelishi ko‘rsatkichining 98 foizini ta’minlab, BMT va Jahon savdo tashkilotining bu yil Yevropa va Yaqin Sharqqa 80-95 foiz xalqaro turizm kelishi haqidagi prognozini yaxshiladi.

Dubay ishbilarmonlik turizmi biznes va hordiq chiqarish yo‘nalishiga sayyohlarni tobora ko‘proq jalb qilmoqda. Birinchi chorakda Dubay savdo, sport, adabiyot, san’at festivallari, “Dubai International Boat Show” jahon hukumati sammiti, shuningdek, 125 mamlakatdan 5000 ga yaqin ishtirokchi kelgan dunyodagi eng yirik oziq-ovqat va ichimlik ko‘rgazmasi – “Gulfood” singari nufuzli tadbirlarni o‘tkazdi.

Yil davomida yana ko‘plab anjumanlar – “Dubai Summer Surprises” oilaviy yoz festivali, “Dubai Esports and Games Festival”, shuningdek shahar aholisi uchun “Dubai Fitness Challenge” o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zA