Oksforddan kriket o‘yinchisigacha… va siyosiy muvaffaqiyat sari

1992 yil Pokiston xalqi uchun unutilmas voqea sodir bo‘ldi. Imron Xon o‘z mamlakati kriket jamoasini Jahon kubogi sari yetaklab bordi. G‘alaba nashidasini muxlislariga “burchakka haydalgan yo‘lbarslar” kabi kurashishda davom etishini ta’kidlab, nishonladi. Oradan 30 yil o‘tgach, tarafdorlari politsiya bilan to‘qnash keldi, chunki u korrupsiyada ayblanib, sudlandi…

Pokistonning kriket afsonasi, sobiq bosh vazir Imron Xon ishonchsizlik votumi natijasida hokimiyatdan chetlatildi va bir yil o‘tib, hibsga olindi.

Laxordan Oksfordga yo‘l…

Imron Ahmad Xon Niyoziy 1952 yil Pokistonning Laxor shahrida badavlat oilada tug‘ilgan. Dastlab Keble kollejida, keyin Oksford universitetida tahsil olgan.

Uning kriketdagi xalqaro yurishi Birmingemdagi Edgbastonda, Pokiston terma jamoasi safida Angliyaga qarshi debyut o‘yinida boshlangan.

Munozarali siyosiy arbob

Imron o‘tgan asr 70-yillarida kriketchi sifatida mashhurlikka erishgan bo‘lsa-da, bugun hukumatning sobiq boshlig‘i sifatida jamoatchilik e’tiborida.

U 2018 yil korrupsiyaga qarshi kurashishga va’da bergan millatchi sifatida yetakchilikka saylangan edi, biroq 2022 yil aprel oyida hokimiyatdan chetlatildi.

Ovoz berish iqtisodiy va siyosiy jihatdan noto‘g‘ri boshqaruv da’vosi bo‘yicha o‘tkazildi. Muxoliflar uning iqtisodni jonlantira olmayotgani, korrupsiyaga qarshi kurashmayotganini ro‘kach qilishdi. Xon esa raqiblarini AQSH bilan til biriktirganlikda aybladi, ammo hech qanday dalil keltirmadi.

Xon, shuningdek, xalqni uning hokimiyatdan chetlatilishiga qarshi norozilik bildirish uchun ko‘chaga chiqishga chaqirdi.

Nega hibsga olingan?

Pokiston poytaxti Islomobodda Xon lavozimidan chetlatilganidan bir yil o‘tib, o‘nlab zobitlar ham hibsga olingan va korrupsiyada ayblanib, sudga keltirilgani aytiladi. Sudyadan 70 yoshli muxolifat yetakchisini 14 sutkagacha hibsda saqlash so‘ralgan. Sud qaroriga ko‘ra, janob Xon so‘roq uchun sakkiz kun ushlab turiladi.

Imron Xon 1995 yil, siyosiy partiya tashkil etishidan bir yil oldin, britaniyalik Jemima Goldsmitga uylangan. Ular ikki farzand ko‘rishgan, lekin to‘qqiz yil birga yashab, 2004 yil ajrashishgan.

Sobiq Bosh vazirning jurnalist, ob-havo ma’lumoti boshlovchisi Reham Xon bilan nikohi 10 oy amal qilgan. Juftlik 2015 yilda ajrashgan.

Xon hozirgi rafiqasi, uni davolagan imonli tabib Bushra Bibi Xon (sobiq Maneka)ga 2018  yil uylangan.

Partiyadoshi, deputat Oysha Gulalai Vazir 2013 yili Imron unga “nomaqbul” SMS yuborganini da’vo qilib, parlament tekshiruvi o‘tkazishni so‘ragan.  Xon bu ayblovni rad etgan.

1996 yil Pokistonning “Texrik-ye-Insaf” partiyasiga asos solganida, korrupsiyaga qarshi kurashishga va’da bergan Imron Xon hozircha mamlakatdagi eng taniqli muxolifat arbobi bo‘lib qolmoqda. Zero, uning hibsga olinishi siyosiy inqirozni chuqurlashtirib, turli namoyishlarga sabab bo‘ldi.

Hozirgacha tartibsizlik tufayli, kamida, to‘rt kishi halok bo‘ldi: biri janubi-g‘arbiy Kvetta shahrida va yana uch kishi Pokiston shimoli-g‘arbida, mamlakatning turli hududlarida o‘nlab fuqarolar yaralandi.

“Sky News” nashri materiallari asosida

Muharrama Pirmatova tayyorladi.

O‘zA